Namanganda zamonaviy yer usti ko‘prik qurilmoqda
Davlatimiz rahbarining Namangan shahrini “millionli shahar” maqomiga aylantirish borasidagi topshirig‘i asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat markazining Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan “Sardoba” bozori hududida yo‘l harakati ishtirokchilarining tirbandligini bartaraf etish maqsadida piyodalar uchun yer usti eskalatorlik ko‘prik qurilishi olib borilmoqda.
Ta’kidlash joiz, aholisi bir millionga yaqinlashib borayotgan Namangan shahrida shu kabi zamonaviy ko‘prik qurilayotgani va yil yakuniga qadar shunga o‘xshash yana to‘rtta yo‘l o‘tkazgichini barpo etish rejalashtirilgani ayni muddaodir. Binobarin, respublikamizda birinchi bo‘lib liftlik – eskalatorlik va mexanik pillapoyalik, ko‘p imkoniyatlik piyodalar o‘tish yo‘li qurilmoqda.

“Sardoba” chorrahasi transport va aholining zich harakatlanadigan nuqtalaridan biri hisoblanib, unda ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari mavjud. Piyodalarning erkin harakatlanishi va xavfsizligini ta’minlash uchun hududda zamonaviy talablarga javob beradigan yer usti ko‘prigi barpo etilmoqda. Umumiy qiymati 6,2 milliard so‘mni tashkil etuvchi loyihaga ko‘ra, yangi ko‘prik har tarafdan harakatlanuvchi eskalatorlar bilan jihozlanadi. Bu nafaqat piyodalar uchun qulaylik yaratadi, balki nogironligi bor shaxslar, yosh bolali kishilar va nuroniylarning ham oson foydalanishini ta’minlaydi.


Yangi ko‘prik qurilishi jarayoni bilan tanishgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov qurilishga jalb qilingan mutaxassislar bilan suhbatlashib, loyiha ijrosini sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish lozimligini uqtirdi.
– “Sardoba”da umumiy uzunligi 48, eni uch va balandligi olti metrli hamda liftlik – eskalatorlik piyodalar o‘tish innovatsion ko‘prigini qurmoqdamiz. Turli yoshdagilar qatorida nogironligi bor fuqarolarning harakatlanishi uchun ham qulay imkoniyatlar bo‘lishi to‘la hisobga olingan, – deydi “Xushnud-Humo” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Elyor Haydarov. – Ob’ektning asosi va tayanch armaturasini to‘qish va beton quyish yumushlarini tugatdik. Ko‘chaning markaziy serqatnov qismi o‘rtasida o‘rnatiladigan ustun o‘rni kovlandi. Umuman, bu kabi jarayonlarga 15 nafar quruvchi va o‘nga yaqin maxsus transport vositalarini safarbar etdik. Ushbu yo‘l o‘tkazgichini joriy yilning yakuniga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA