Namanganda yozgi oromgohlar mavsumga shaymi?
Ta’til – 2021
Joriy o‘quv yili yakuniga yetib, maktab o‘quvchilari yozgi ta’til kunlarini boshladi. Namangan viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktabida Xalq ta’limi vazirligining joriy yil 26 apreldagi “2021 yilning yoz mavsumida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishga tayyorgarlik ko‘rish, mavsumni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga ko‘ra, shahar tashqarisidagi oromgohlarda faoliyat yuritadigan pedagog-xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan viloyat o‘quv seminari tashkil etildi.

Unda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, "Barkamol avlod" bolalar maktabi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, shahar va tuman xalq ta’limi bo‘limlari mutasaddilari ishtirok etdi. Mazkur seminarda yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yishda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning mazmuni asosida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, oromgoh va sog‘lomlashtirish maskanlari ishlarini rejalashtirish, ish hujjatlarini yuritish tartibiga oid ma’ruzalar tinglandi.

– Joriy yildagi o‘quvchilarning ta’til kunlarini mazmunli va unumli tashkil etishga alohida tayyorgarlik ko‘rilmoqda, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xayrullo Abdurahmonov.
– Mavsumni yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida shahar tashqarisidagi 8 ta oromgohda to‘rt navbatda 5 ming 400, ta’lim muassasalarida ochilishi kutilayotgan 60 ta sog‘lomlashtirish maydonchasida 60 ming, hammasi bo‘lib 11 ming 400 bola dam olish maskanlarida hordiq chiqaradi. Mavjud yozgi oromgohlarning har biri 3 ming donadan kitob fondiga ega bo‘lgan ziyo xonalariga tajribali kutubxonachilar biriktirilgan. Statsionar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida to‘rtta yo‘nalishda 32 ta, til yo‘nalishida (ingliz va rus) 16 ta to‘garak tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Oromgohlarda tozalik gigiyenasi va texnik xavfsizlik ishlariga jiddiy ahamiyat qaratish, to‘garak rahbarlarining vazifalari va ular ishini tashkil etish, mashg‘ulotlarni o‘tkazish tartibi borasida tushunchalar berilib, sho‘’balarga bo‘lingan holda soha xodimlari tomonidan treninglar olib borildi. Yakunda sog‘lomlashtirish oromgohlariga biriktirilgan 128 nafar direktor va pedagog-xodimga sertifikatlar topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA