Namanganda yangi o‘quv yili uchun zamonaviy ta’lim maskanlari barpo etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan shahrida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida ta’lim muassasalarini zamonaviy va qulay sharoitlarga ega qilish maqsadida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 88-sonli umumta’lim maktabi uchun 570 o‘rinli yangi o‘quv binosi barpo etildi. Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan mazkur loyiha “Mega Asia Design Stroy” MCHJ tomonidan 5 milliard 932 million so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazildi.
Zamonaviy me’yor va talablar asosida barpo etilgan binoda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi hamda pedagoglarning samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
[gallery-31121]
7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida 990 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi foydalanishga tayyor holatga keltirildi.
Pudratchi “CHORTOQ BARKAMOL QURILISH TA’MIR SERVIS” MCHJ tomonidan 8 milliard 990,2 million so‘m mablag‘ hisobidan barpo etilgan mazkur bino zamonaviy talablar asosida jihozlanib, o‘quvchilar uchun zarur sharoitlar yaratildi.
31-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida keng ko‘lamli bunyodkorlik va ta’mirlash ishlari bajarildi. Xususan, “MEGA ASIA DESIGN STROY” MCHJ tomonidan 14 milliard 306 million 732 ming so‘m mablag‘ hisobidan 750 o‘rinli zamonaviy qo‘shimcha o‘quv binosi barpo etilib, foydalanishga tayyor holatga keltirildi. Shuningdek, maktabning mavjud 1130 o‘rinli o‘quv binosida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, o‘quvchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratildi.
Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamjlov shahardagi ta’lim muassasalarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonini o‘rganish davomida maktablarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
O‘rganish jarayonida o‘quv xonalari, infratuzilma va mavjud imkoniyatlar ko‘zdan kechirilib, ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar uchun qulay muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, obodonlashtirish va yakuniy tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA