Namanganda "ta’lim-tarbiya yili"
Joriy yilning 31-mart kuni Prezidentimiz huzurida bo‘lib o‘tgan Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimotda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida 2026-yil Namanganda “Ta’lim va tarbiya yili” sifatida belgilanib, mazkur yo‘nalishda keng qamrovli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish borasida ijobiy natijalarga erishishga qaratilgan muhim loyihalardan biri Uchqo‘rg‘on tumanining olis manzillaridan hisoblangan Bahriobod mahallasida amalga oshirildi. Ushbu hududda joylashgan 46-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bundan ellik yil avval qurilgan 90 o‘rinli eski binosi o‘rnida zamonaviy, namunaviy loyiha asosida ikki qavatli yangi bino barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Yangi bog‘cha 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bolajonlar uchun barcha zamonaviy shart-sharoit yaratildi. Yorug‘ va keng guruh xonalari, zamonaviy jihozlar, bolalar o‘yin maydonchalari, xavfsiz va qulay infratuzilma ana shular jumlasidan.
Ayniqsa, muassasada o‘rnatilgan zamonaviy isitish va sovitish tizimi – energiya tejamkor issiqlik nasosi alohida e’tiborga loyiq. Ushbu texnologiya orqali binoda qishda doimiy issiqlik, yozda esa salqin muhit ta’minlanadi. Qolaversa, kam elektr sarfi orqali yuqori samaradorlikka erishiladi hamda ekologik tozalik ta’minlanadi.

E’tiborlisi shundaki, tarbiya maskanida ilg‘or, jumladan yapon ta’lim tizimi elementlarini joriy etish uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Qurilish ishlariga jami 4,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, pirovardida olis qishloqdagi kichkintoylar uchun zamonaviy va sifatli ta’lim-tarbiya muhiti hozirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA