Namanganda sanoat yarmarkasi ish boshladi
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi "Afsonalar vodiysi" tematik parkida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan arzonlashtirilgan sanoat yarmarkasi tashkil etildi.
Viloyatda mahalliy tadbirkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotni rag‘batlantirishga qaratilgan mazkur tadbir avvalida ikki yuzdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti ishtirokida 320 turdagi mahsulot va xizmatlardan iborat ko‘rgazma namoyish etildi.


Yarmarkada an’anaviy hunarmandchilikdan tortib, zamonaviy iste’mol mahsulotlarigacha bo‘lgan keng assortimentdagi mahalliy mahsulotlar namoyish etilmoqda. Ushbu yarmarkaning ochilish marosimi qardoshlar diydoriga, hamkorlarning muzokaralarga ulanib ketdi. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamrohligida Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod, O‘sh va Norin viloyatlaridan tashrif buyurgan delegatsiya vakillarida ko‘rgazma iliq taassurot qoldirdi. Mehmonlar namanganlik ishbilarmonlar bilan ikki tomonlama hamkorlik borasida amaliy muloqotlar o‘tkazdi.


– Namangan shahrida boshlangan 62-Xalqaro gullar festivali doirasida uyushtirilayotgan yarmarka mahalliy tadbirkorlarga o‘z mahsulotlarini namoyish etish va kengroq auditoriyani qamrab olish uchun katta imkoniyat yaratadi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Odiljon Akbarov. – Kichik biznes vakillari taqdim etayotgan turli xil mahsulotlar va xizmatlar hamyonbop narxlarda bo‘lgani uchun yarmarkaga nafaqat vodiy, respublikamiz, balki Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ham tashrif buyuruvchilarni kengroq jalb etish kutilmoqda.

Yarmarka mahalliy korxonalarga o‘z mahsulotlarini namoyish etish uchun platforma taqdim etishdan tashqari, mehmonlar uchun O‘zbekiston, qolaversa Namangan viloyatining moddiy-madaniy merosi haqida ko‘proq ma’lumot olishlari uchun ajoyib imkoniyat hamdir. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ko‘plab mahsulotlar an’anaviy texnika va materiallardan foydalangan holda tayyorlangan bo‘lib, o‘zining milliyligi, tarix bilan uyg‘unligi bilan yurtimizning boy o‘tmishi tarixi va madaniyati haqida qisqacha ma’lumot beradi. Umuman olganda, yarmarkaga keluvchilar ko‘rgazmalarni tomosha qilish asnosida mahalliy biznesni qo‘llab-quvvatlash va Namanganning o‘ziga xos madaniyatini his qilishlari mumkin. Arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi joriy yilning 21 iyun kuniga qadar davom etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA