Namanganda oromgohlar mavsumga hozirlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Sanoqli kunlardan keyin umumta’lim maktablarida o‘quv yili yakunlanib, bolajonlar uchun yozgi ta’til boshlanadi. Oromgohlar o‘quvchilarga o‘z bag‘rini ochadi.
Xo‘sh, oromgohlar yozgi mavsumga shaymi?
Namangan viloyatida bolalar oromgohlarini mavsumga tayyorlash, o‘quvchilarning yozgi ta’tilda maroqli dam olishini tashkil etish, oromgohlarda faoliyat ko‘rsatuvchi mutaxassislarning malaka va tajribasini oshirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda barcha oromgohlarning 2023 yil uchun daromadlar va xarajatlar loyiha-smetalari tasdiqlandi. Shuningdek, 147 nafar mavsumiy pedagog kadrlar tanlanib, ularga mutaxassislar tomonidan seminar-trening o‘tkazildi va sertifikatlar berildi.
[gallery-11972]
Bugungi kunda viloyatda qariyb 359 ming 388 nafar 7-14 yoshdagi o‘g‘il-qiz istiqomat qiladi. Joriy yoz mavsumida jami oromgohlarga esa atigi 15400 nafar bola qamrab olinishi imkoniyati mavjud. Shu bois, Departament tasarrufidagi 7 ta 4920 nafar va 1 ta xususiy oromgohda 480 ta, jami 5400 nafar bolani oromgohlarda dam olishini tashkil qilish choralari ko‘rilmoqda. Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan va tuman hokimliklari yordami bilan dam olish maskanlarini sog‘lomlashtirish uchun tayyor holga keltirish ishlari olib borilmoqda.
Chust tumanida joylashgan “Mehrjon” va “Obi hayot” bolalar oromgohlari 270 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, mavsumda 1080 nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Mazkur oromgohlarda mavsumga tayyorgarlik ishlari boshlangan. Oromgohlar hududi begona o‘tlar va chiqindilardan tozalangan, mevali va manzaralari daraxtlar ekilgan, xonalardagi qattiq va yumshoq jihozlar ta’mirlanib, tartibga keltirilmoqda. Yotoqxona, oshxona binolarini tashqi tomoni, sport maydonchasi va oromgohni kirish qismida ta’mirlash va bo‘yash ishlari amalga oshirilmoqda.
Norin tumanida joylashgan “Norin” bolalar oromgohi 160 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, mavsumda bu yerda 640 nafar bola dam oladi.
Pop tumani Chodak qishlog‘ida joylashgan “Binafsha” bolalar oromgohida esa mavsum davomida 480 nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan.
Kosonsoy tumanida joylashgan “Sohil” bolalar oromgohi ham
mavsumda 640 nafar bolajonga o‘z bag‘riga ochadi.
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Zarkent” va “Nanay” bolalar oromgohlari 520 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, mavsumda ushbu maskanlarda 2080 nafar bolaning dam olishini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Oromgohlarga Departament tomonidan yotoqxona, oshxona, tibbiyot, maishiy xizmat, sport, madaniy tadbirlar jihozlari, shuningdek, generator (dizel)+stabilizator yetkazib berilishi belgilangan.
Mavsum davomida oromgohlarda intellektual rivojlantirish, ekologik-biologik va o‘lkashunoslik, texnik ijodkorlik, ijtimoiy moslashuv, tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish, badiiy ijodiyot yo‘nalishlariga e’tibor bergan holda mashg‘ulotlarni tashkillashtirish ko‘zda tutilgan.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA