Namanganda o‘qituvchi va murabbiylar sharaflandi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 28 yanvarda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot bilimda” ekanligini ta’kidlab, mamlakat taqdiri, millat taqdiri muhtaram muallimlarimiz qo‘lida, mamlakatimizda eng ko‘rkam maskan maktab, eng hurmatli insonlar o‘qituvchi va murabbiylar bo‘lishi lozim, deya Ustoz murabbiylarni e’zozlashga chaqirdi.
Qolaversa, 2026 yilgacha mamlakatimizni rivojlantirish strategiyasining 5 ta asosiy vazifasi qatorida asosiy yo‘nalish sifatida ta’lim tizimini rivojlantirish ekanligi belgilandi.
Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida viloyatdagi ta’lim tizimida uzoq yillar ishlagan faxriy pedagoglar, maorifchilar, ustoz-muallimlar, xalq ta’limi tizimi xodimlari, maktabgacha ta’lim, professional va oliy ta’lim dargohlarida faoliyat olib borayotgan bir guruh fidoyilar, sport muassasalari murabbiylari uchun tashkillashtirilgan bayram tadbirida shu haqda so‘z bordi.
Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov Prezidentimizning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Muallimlarning kasb bayrami oldidan davlatimizning yuksak mukofotlari – orden va medallarga sazovor bo‘lgan to‘rt nafar namanganlik ta’lim jonkuyari tabriklandi.
Bayram tadbirida ilm-fanni rivojlantirish, sohadagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etishga qo‘shgan munosib hissasi, yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi faolligi uchun bir qator o‘qituvchi va murabbiylar taqdirlandi.
So‘nggi yillarda ta’lim sohasining barcha bo‘g‘inlarida olib borilayotgan izchil islohotlar o‘zining yorqin samarasini bermoqda. Birgina, dastlabki bo‘g‘in – maktabgacha ta’limda bundan besh yil avval 24 foizlik qamrovda bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich 73,3 foizga yetkazildi. Qamrov darajasi uch barobarga oshgan bo‘lsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni olti barobarga oshdi. Joriy yilning o‘zida investitsiya dasturi doirasida 21 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qiyofasini tubdan yaxshilash uchun 115 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.
[gallery-8995]
Bu yil 36 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun byudjetdan 213 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Yangi o‘quv yilida esa yangitdan ta’mirlangan 24 ta zamonaviy maktab o‘quvchilarni o‘z bag‘riga oldi. Qolaversa, viloyat tumanlaridagi maktab internatlar negizida 11 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilib, Prezident ta’lim muassasalari agentligi ixtiyoriga o‘tkazildi. Hozirda ularda 4 ming 618 nafar iqtidorli o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Chortoq tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida sog‘liqni saqlash va ijtimoiy yordam yo‘nalish bo‘yicha hamda Namangan xizmat ko‘rsatish va servis texnikumida axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sektori yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik shartnomalari tuzildi. Shuningdek, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Germaniya tajribasi asosida, ish joyida o‘qitishning dual ta’lim shakli uchun 1 ming 270 ta qabul rejasi belgilandi.
Oliy ta’lim muassasalari soni 7 taga yetkazildi. Talabalar soni esa o‘tgan yilga nisbatan 37,2 ming nafardan 53,6 ming nafarga, bitiruvchilarning qamrovi 27 foizdan 33 foizga yetkazildi.
Murabbiylarning mamlakat nufuzini dunyoga tanitish, sportni ommalashtirish, yosh iqtidor sohiblarini jismoniy tarbiyaga jalb qilish borasidagi intilishlari tufayli joriy yilning o‘tgan davrida viloyat sportchilari tomonidan 636 ta oltin, 766 ta kumush va 1 ming 284 ta bronza, jami 2 ming 686 ta medal qo‘lga kiritildi.
– 40 yildan ortiq vaqt davomida boshlang‘ich ta’limda ishladim, – deydi Xalq ta’limi a’lochisi Maktuba Abdulhafizova. – Namangan shahridagi 58-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabidan pensiyaga chiqdim. Nafaqa yoshida ham mahallada yoshlar, oila va xotin-qizlar tarbiyasiga mas’ul sifatida mehnat qildim. O‘qituvchilarga bo‘lgan e’tibor oshdi. Buni ayni vaqtda ta’limda olib borilayotgan islohotlar samarasida his etyapmiz. Shu kunlarda bu yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA