Namanganda Navro‘zga tayyorgarlik qizg‘in
Obod va fayzli yurtga bayramlar yarashadi. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 martdagi tegishli farmoyishi doirasidagi butun mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki!” shiori ostidagi umumxalq xayriya hashari Namangan viloyatida ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Xalqimizning o‘zaro hamjihatlik, ahillik, obodlik, mehru oqibat kabi milliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, qolaversa muqaddas Ramazon oyi arafasida ko‘ngillarni munavvar etuvchi mazkur hasharda mahallalar, aholi turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sog‘lom turmush tarzi va sanitariya-gigiyenik madaniyatni targ‘ib qilish, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashdek xayrli ishlar bajarildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida daraxt ko‘chatlarini ekib, bog‘ yaratish ishlari avj pallasiga kirdi. Keksa-yu yosh, faol va mas’uliyatli fuqoralar ushbu umumilliy loyiha atrofida jipslashib, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofi va o‘z hovlisiga daraxt ko‘chatlari ekmoqda. Jumladan, Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hamda uning yon-atrofida daraxt nihollari ekib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Namangan shahar hokimi G‘ofurjon Jamolov boshchiligidagi sektor rahbarlari jarayonni ko‘zdan kechirib, ko‘chat o‘tqazishda ishtirok etdi. Kelgusida ushbu daraxtlarni parvarishlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ko‘rilishi aytib o‘tildi.
– Hasharda fuqarolarimizning ko‘tarinkiligi, yurtimiz obod va ko‘rkamligi yo‘lidagi daxldorlik hissi yaqqol ko‘zga tashlandi, – “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi mas’ul xodimi Jobirxon Shokirov. – So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyatida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari davomida jami 1 millionga yaqin fuqarolar ishtirok etdi. Ularning 547 mingga yaqini yoshlardir. Hashar davomida 1251,4 gektar maydonlar tartibga keltirilib, 908,8 tonna chiqindilar chiqarib tashlandi, 182,2 kilometr masofadagi ariq va lotoklar tozalandi. Viloyat hududidagi 650 ta qabristonda hamda 34 ta ziyoratgoh, muqaddas qadamjoda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy muassasalar, shu jumladan, masjidlarning imom-xatiblari boshchiligida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Joylarda qizg‘in ruhda kechgan hashar davomida 171 ming 722 tup mevali va manzarali daraxt hamda 287 ming 846 tup gul ko‘chatlari qadaldi, 600dan ortiq texnika vositalari jalb qilindi.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatish maqsadida 758 ta oilaning 26 ming 124 m2 hamjdagi uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. Masalan, “Mahalla” fondi tashabbusi bilan Mingbuloq tumanidagi Qolgandaryo mahallasida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oila sohibasi E’tibor Mamadaliyevaning 25 kv. metr hajmdagi uy-joyi, Kosonsoy tumanidagi Istiqlol mahallasida yashovchi Sidiqajon Ubaydullayevanning 58 kv. metr hajmdagi uy-joyi homiylik mablag‘lari hisobidan ta’mirlandi. Bundan tashqari, 1 ming 334 ta ehtiyojmand oilaga, shundan 628 nafar nogironligi bor va yakka-yolg‘iz keksa holidan xabar olib, ularga moddiy ko‘mak berildi. Mazkur xayriya tadbirlari natijasida 681 million 769 ming so‘mlik moddiy yordam mablag‘lari sarflandi.
Hashar kunlari bir qator ijtimoiy ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Xususan, Namangan shahridagi Yakkasada mahallasida joylashgan 26-sonli umumta’lim maktabi, Mingbuloq tumanidagi Oybek va Paxtakor mahallalarida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatuvchi shohobchalar, Mehnatobod va Farovon mahallalarida to‘yxona, Mustakillik mahallasida ko‘p qavatli uylar orasida bolalar maydonchasi ishga tushirildi. Pop tumanidagi Hazrati bob, Ipak yo‘li va Navro‘z mahallalari idorasi, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Turkiston va Chust ko‘prik mahallalarida sport maydonchalari ta’mirlandi. Navro‘z shukuhi ufurib turgan Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida, olis va chekka manzildagi qishloq joylarida Muborak Ramazon oyi arafasida ehtiyojmand va nogironligi bor oilalar, yolg‘iz qariyalar, bemorlar holidan xabar olish, ularga mehru muhabbat ulashishdek savobli yumushlar, yangi mahalla bino va guzarlari, bolalar maydonchalarini qurishdek bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.