Namanganda media departament tashkil etildi
Viloyat hokimining qarori bilan “Namangan viloyati salohiyatini targ‘ib etish media departamenti” davlat unitar korxonasi tashkil etildi.
Bu haqida O‘zA muxbiriga Namangan viloyati hokimining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Farhod Mamadaliyev xabar berdi.
Viloyat hokimligi huzurida faoliyat yuritadigan yangi media muassasaga uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar jam bo‘lgan.
Media departament o‘z oldiga davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, hududlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida tezkor, xolis va to‘laqonli axborotlar yetkazish, mahalliy davlat hokimiyati idoralari faoliyati shaffofligini ta’minlash, axborot xizmatlari va ommaviy axborot vositalari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Dastlabki bosqichda “Namangan xabarlari” telegram kanalini yo‘lga qo‘ygan media departament yaqin vaqt ichida o‘z veb-saytini ochib, maxsus axborot agentligi, teleradiokanal va ijtimoiy tarmoq sahifalarini ishga tushirishni ko‘zda tutgan.
Bundan tashqari, media departamenti tarkibida ish yuritadigan “Media school”da internet, foto va telejurnalistika bo‘yicha malakali kadrlar, efir orti texnik xodimlari, mediamenejer kabi mutaxassislar tayyorlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA