Namanganda “kumush tola” terimi boshlandi
Pilla dehqonchilikning handalagi hisoblanadi. Namangan viloyati pillakorlari bahorgi pilla yetishtirish mavsumi – “Chilgi hosil”ni yig‘ishtirib olishni boshlashdi.
Pilla terimi oldidan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Muxtor Hakimov “kumush tola” yetishtirishda viloyatda peshqadam tuman sanalgan Norindagi “Norin agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Xirmonga baraka tilab, yetishtirilgan hosil taroziga qo‘yildi. Norinlik faol va mehnatsevar pillakorlarning ipak qurtini parvarishlashdagi yutuqlari e’tirof etildi.

Mavsum davomida har bir kilogramm pillaning puli tarozining ustida naqd ko‘rinishida beriladi. Yuqori hosildorlikka erishgan pillakorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanib boriladi. Namangan viloyati qorako‘lchilik va pillachilik hududiy boshqarmasi boshlig‘i, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi” faxriy unvoni sohibi Rahbarxon Yavminovaning O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, joriy yilda namanganlik pillakorlar tomonidan 37 ming 174 quti ipak qurti parvarish qilinib, 2 ming 156 tonna pilla hosili olinadi. Soha rivoji ortida 100 mingdan ortiq fuqarolarning bandligi ta’minlanadi.


Qolaversa, davlatimiz rahbari bergan zo‘r imkoniyat yordamchi-ishchi sifatida ipak qurti boqqanlarga hisoblanadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi, shuningdek, pilla boquvchilar va kasanachilarning mavsum davrida bir yillik ish staji hisoblanishi katta imtiyoz bo‘ldi. Bu imtiyoz, albatta, pillachilikni rivojlantirishda muhim omil hisoblanib, ko‘zlangan natijalarga erishilmoqda. Ta’kidlash joizki, pillachilikda o‘ziga xos maktab yaratgan Norin tumani pillakorlari 3 ming 522 quti ipak qurti parvarishlab, 204 tonnadan ziyod “kumush tola” hosili olishni rejalashtirishgan. Ayni vaqtda 140 ta fermer xo‘jaligi va 100 nafar kasanachilar tomonidan ipak qurti parvarishlanmoqda. Ma’lumot o‘rnida, viloyatda o‘tgan yilgi mavsumda 35 ming 351 quti ipak qurti parvarishlanib, jami 2030 tonna pilla, har qutidan o‘rtacha 57,4 kilogrammdan “kumush tola” yetishtirilgan hamda shartnomaviy reja 101 foizga bajarilgan edi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA