Namanganda “Kelajak liderlari” klubi ish boshladi
Namangan viloyatida “Kelajak liderlari” klubining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi.
Joriy yil 30 iyun kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantirish bo‘yicha taklif bergan edi.
Ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlangan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari uchun “Kelajak liderlari” klubini tashkil etish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi.
Viloyatda “Kelajak liderlari” klubiga a’zolarni saralash to‘rt bosqichda amalga oshirildi. 360 nafar talabgorlardan saralangan 50 nafar nomzod klub a’zoligiga qabul qilindi.
Endilikda klub a’zolariga olti oy muddat davomida tasdiqlangan dastur asosida o‘quv-seminarlar tashkil etiladi. Klub a’zolarida boshqaruv ko‘nikmalari shakllantirilib, o‘quv yakunlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan sertifikat bilan taqdirlanadi hamda davlat fuqarolik xizmatchilari uchun yosh trenerlar safiga qabul qilinadi.
[gallery-3569]
O‘zA fotomuxbiri
Hotam MAMADALIEV olgan suratlar.