Namanganda IT sohasi vakillari yoshlar bilan uchrashdi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxona markazida yetakchi IT kompaniyalar taqdimoti hamda “Algoritm ta’lim” va “Mohirdev” hamkorligidagi gibrid ta’lim o‘quv markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT-Park va Namangan Tech Community hamkorligida tashkil etilgan tadbir mahalliy va respublikadagi IT kompaniyalar vakillari, frilanserlar, startapchilar va sohaga qiziquvchi yoshlarni o‘zida jamladi.
Tadbir avvalida viloyatdagi “Fluggi”, “Compass X”, “Sitelabs”, “Tech Data Soft”, “Axioma Line” kompaniyalari ko‘rgazmalari, startapchilar ishlanmalari va startaplari, shuningdek, “Bionica” kompaniyasining robototexnikadagi yutuqlari haqida ma’lumot berildi.
So‘ng respublikada yetakchi “Eurosoft” kompaniyasi tijorat direktori N. Murodxonov Chexiyaning “Dacore IT” kompaniyasining Namangandagi BPO markazi faoliyati, kelgusida Namanganda ham mazkur kompaniya filialini ochish borasidagi loyihalari bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Shuningdek, mamlakatimiz hamda xorijda jami 6 ta – AQSH, Buyuk Britaniya, Kambodja, Rossiya, BAA va Malayziyada filiallari mavjud “RealSoft” kompaniyasining tijorat direktori L. Farmonov tadbirda so‘z olib, viloyatda mazkur kompaniya filialini ochish rejasi haqida alohida to‘xtaldi.
Tadbirning asosiy qismida “Mohirdev” kompaniyasi asoschisi A. Narzullayev boshqaruvidagi kompaniya maqsadlari, hamkorlikdagi gibrid ta’limning ahamiyati, IT sohasi kelajagi haqida, “Algoritm ta’lim” direktori va asoschisi Sh. Usmonov Namangan viloyatida IT sohasining o‘qitilishi va rivojlanishi, “Mohirdev”ning Namangan IT ta’lim bozoriga kirishining ahamiyati haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berdilar.
[gallery-14588]
Tadbir so‘ngida viktorinalar o‘tkazilib, g‘olib o‘quvchi va talabalarga “Algoritm ta’lim” va “Mohirdev” kompaniyalarining sovg‘alari va o‘qish uchun bonuslar topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A. Abduhamidov, viloyat hokimining raqamlashtirish bo‘yicha maslahatchisi B. Oxunboboyev, Davlatobod tumani hokimi A. Tojimirzayev ishtirok etdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA