Namanganda gazdan noqonuniy foydalanayotganlar tarmoqdan uzildi
Joriy yilning 6 fevral kuni Prezidentimiz huzurida energiya ta’minoti sohasida nazorat tizimini tartibga solish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda energiya yetkazib berish va hisob-kitob tizimidagi muammolar, ayniqsa, hanuzgacha tizimda resurslar xo‘jasizlarcha talon-toroj qilinayotgani qayd etilib, bu borada nazoratni kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash topshirilgandi.
Namanganda mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali xodimlari va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ullari bilan hamkorlikda shahar va tumanlarda muntazam ravishda reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, filial rahbari Shavkat Otaxonov boshchiligidagi guruh uch kun davomida Yangi Namangan tumanining Sihatgoh, Mehnatobod va Yangi Zamin mahallalarida bo‘ldi. Mazkur hududlardagi aholi xonadonlari ko‘zdan kechirildi. O‘rganish davomida tabiiy gazga gaz tortuvchi uskuna o‘rnatib olgan fuqarolar ogohlantirilib, holat bartaraf etildi. Bir necha bor ogohlantirilishiga qaramay, qo‘lbola gaz so‘rg‘ich o‘rnatib olgan iste’molchilar gaz tarmog‘idan uzildi. Namangan shahri bo‘yicha 12 ta holat aniqlanib, 6 tasi joyida payvandlash yo‘li bilan tarmoqdan uzildi.

Shuningdek, iste’molchilarga tabiiy gazdan foydalanishda ehtiyot choralarini ko‘rish, isitish moslamalari va gaz jihozlarini qarovsiz qoldirmaslik zarurligi bo‘yicha ham targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi.

Ayni paytda filial mutaxassislari va hamkor tashkilotlar – viloyat Favqulodda vaziyatlar hamda Ichki ishlar boshqarmalari mas’ul xodimlari bilan gaz so‘rg‘ichlarni bartaraf qilishga qaratilgan amaliy reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA