Namanganda eng faol targ‘ibotchilar aniqlandi
Namangan shahrida “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” Respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining viloyat bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tanlovda tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 26 nafar targ‘ibotchi ishtirok etib, sakkizta yo‘nalish bo‘yicha o‘z mahorat va salohiyatini namoyon etdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida bugungi kunda Namangan viloyatidagi mavjud 716 ta umumta’lim maktabining barchasida jurnalistlar, shoirlar, yozuvchilar va san’atkorlardan saralangan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular o‘tgan bir yil mobaynida o‘z faoliyati orqali o‘quv maskanlariga professional ijodiy muhit kirib keldi. Qolaversa, targ‘ibotchilar ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini oshirishga ham katta ulush qo‘shmoqda.

Tanlovning viloyat bosqichida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari, ijodiy ishlari hakamlar hay’ati tomonidan suhbat asosida xolisona baholandi. Unda Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-sonli umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Gulchehra Murodova va Uychi tumanidagi 26-maktab targ‘ibotchisi Shokirjon Boyxonov g‘olib chiqib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” tanlovi garchi yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan bo‘lsada, uning hududiy bosqichlari o‘zgacha shukuh va qizg‘in munozaralarga boy bo‘ldi, – deydi tanlov g‘oliblaridan biri, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi rus tiliga ixtisoslashtirilgan 10-maktab targ‘ibotchisi, “Repetitor” gazetasi muharriri Gulchehra Murodova. – Bu tanlovda nafaqat targ‘ibotchi, balki u faoliyat yuritayotgan muassasa va uning o‘quvchilari o‘zlarining ijodiy yutuqlari bilan qatnashdi. Ochig‘i, men targ‘ibotchi sifatida faoliyatimni boshlagan kezlarimda, ushbu lavozimning maktablar uchun nechog‘li zarur ekanligiga, shu asnoda Prezidentimiz tomonidan bu borada qabul qilingan qaror judayam hayotiy va dolzarb ekanligiga guvoh bo‘ldim.
Tanlovda, shuningdek, Namangan shahridagi 43-maktab targ‘ibotchisi Xurshida Nishonova va Davlatobod tumanidagi 49-maktab targ‘ibotchisi Shoxsanam Ermambetovalar faxrli ikkinchi, Kosonsoy tumanidagi 42-maktab targ‘ibotchisi Muhiddin Imomadiyev va Chust tumani 67-maktab targ‘ibotchisi Muyassarxon Ergashevalar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Tanlov g‘olib-sovrindorlari hamda ularning maktablariga tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari, qimmatabaho sovg‘alar va 21 nomdagi badiiy kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev,O‘zA