Namangan viloyatida paxta terimi boshlandi
FOTOREPORTAJ
Paxtadan olinadigan daromad iqtisodiyotimizning muhim asoslaridan biri. Terimga puxta tayyorlik ko‘rish, mavsumni mas’uliyat bilan tashkil etish esa unga zamin yaratadi.
Bu yil Namangan viloyati bo‘yicha 1193 nafar fermer xo‘jaligi tomonidan 63 ming 406 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanayotgan bo‘lib, gektaridan 37,2 sentnerdan jami 235 ming 624 tonna paxta xomashyosi terib olish rejalashtirilgan. Hududda 6 ta klaster hosil qabul qilishga tayyor.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Ahmadjonov Abdullajon” fermer xo‘jaligida joriy yil hosilini tez va uyushqoqlik bilan yig‘ishtirib olishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov, tumanlar hokimlari va ularning qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar ishtirok etdi.
[gallery-8659]
Joriy mavsumda tumanda 4269 gektar maydonda paxta yetishtirilgan. Erta bahordan qilingan mehnat mahsuli chaqqon qo‘llarga mahtal bo‘lib turibdi. Paxtaning davlat xarid narxi oshgani dehqonlarni ham, terimchilarni ham ruhlantirib, shijoat bilan mehnat qilishga chorlamoqda.
Seminarda ulug‘ niyatlar bilan jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni yozildi. Viloyat hokimi va nuroniylar paxtazorda paxta terimini boshlab berdi.
Hotam MAMADALIEV(surat), O‘zA