Namangan teatri jamoasi dunyo kezmoqda
O‘zbekistonning yaqin strategik sheriklaridan biri hisoblangan Koreya Respublikasi bilan o‘zaro hamkorlik nafaqat iqtisodiy, siyosiy, balki madaniy sohada ham tobora mustahkamlanib bormoqda.
Do‘stlik aloqalarining samarasida shu yilning may-iyun oylarida Namangan shahrida o‘tkazilgan 63-Xalqaro gullar festivaliga tashrif buyurgan koreyalik san’at ustalari milliy-badiiy dastur namoyish qilishgandi. Tashrif doirasida Namangan va Buyeo Gun viloyatlari o‘rtasida madaniy hamkorlik memorandum imzolangan edi.

Mazkur hamkorlik doirasida ikki yurt she’riyati umumlashtirib, “She’riyat hidi” nomi bilan kitob holida nashr qilindi. Kitob sahifalaridan “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Ziyoviddin Mansurov, serqirra ijodkorlar, ma’rifat targ‘ibotchilari Shokirjon Boyxonov va Ma’sudaxon Qirg‘izova kabilarning ijod mahsullari joy olgandi.
Namangan viloyati musiqali drama teatri jamoasi yaqinda Janubiy Koreyada ijodiy safarda bo‘lib qaytdi. Ijodkorlarimiz tashrif davomida Koreya Respublikasining “70-Beakje” xalqaro festivalida ishtirok etdi. San’atkorlarimiz tomonidan ijro etilgan “O yalli, yalli”, “Namanganning olmasi” taronalari, milliy laparlar, “Yangi Namangan tanovari”, “Do‘ppi”, “Farg‘ona ruboiysi”, “Sayrang, bulbulim”, “Bugun bayram” qo‘shiqlari hamda “Maysaraning ishi”, “Bog‘bon qiz” spektakllaridan namoyish etilgan parchalar, doira va karnay-surnay sadolari minglab muxlislarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

– Har bir gastrol fikr almashuv, ijodiy hamkorlikdir. Bu borada teatrimiz ham spektakl va badiiy dasturlarini dunyo miqyosida namoyish etib kelmoqda, – deydi Namangan viloyati musiqali drama teatri direktori Nozimjon Toshpo‘latov. – Shunday ijodiy uchrashuvlarni joriy yilda Ozarbayjon hamda Qirg‘iz Respublikasida ham o‘tkazgan edik. Ijodiy hamkorliklarimiz jamoamizga yangicha ko‘tarinkilik va ijodiy ruh bag‘ishlaydi. Biz koreyalik hamkasblarimiz bilan ikki taraflama ijodiy aloqalarni yanada kengaytirish, repertuarlarimizni yangi spektakllar bilan boyitish borasida aniq rejalarni belgilab oldik.
Namangan teatr jamoasi safar davomida Koreyaning tarixiy joylariga sayohat ham qildi. Shuningdek, “Bueso” teatri bilan ijodiy kecha tashkil etildi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.