Namangan shahri yanada ko‘rkamlashadi
Ayni kunlarda Namangan shahrini kesib o‘tgan kanal va soylar qirg‘oqlarini obodonlashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan ikki yil ilgari Jaloliddin Manguberdi ko‘chasi bo‘ylab oqadigan Shimoliy Farg‘ona kanalining bir kilometr masofadagi qismida sayilgoh barpo etilgan edi. Shu kunlarda esa mazkur suv yo‘lining chap sohilini ham obodonlashtirish boshlab yuborildi.
Ushbu obodonlashtirish tadbiri Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 21 apreldagi “Namangan viloyatida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
[gallery-2887]
Ushbu hujjat ijrosi uchun viloyatga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 30 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘i ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu mablag‘ning yarmi shaharning markazlashgan issiqlik tizimini qurish va rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladi. 10 million AQSH dollari esa Yangiariq, Shimoliy Farg‘ona kanallari va Namangansoy qirg‘oqlarini obodonlashtirishga sarflanadi.
Shuningdek, shaharning qator mahallalarida ichki yo‘llarning eskirgan qoplamasi yangilanmoqda. Xususan, Mehnatobod mahallasining Balandariq ko‘chasiga asfalt yotqizildi, G‘uncha mahallasida esa ichimlik suvi va elektr uzatish tarmoqlarini yangilashga kirishildi. Eski quvurlar va tayanchlar almashtirilgach, mahallani shahar markazi bilan bog‘laydigan yo‘l asfaltlanadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA