Namangan davlat universitetida yangi talabalar turar joylari foydalanishga topshirildi
FOTOREPORTAJ
Namangan shahridagi «Yangi Namangan» shaharchasida Namangan davlat universitetining 1 ming 200 o‘ringa mo‘ljallangan ikkita yangi talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.
Yetti qavatli zamonaviy binolarni barpo etish loyihasining umumiy qiymati 90 milliard so‘mni tashkil etadi. Mablag‘ universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan yo‘naltirilgan.
Yangi talabalar turar joylarida yoshlar uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, ma’naviyat xonalari, kutubxona, kompyuter xonalari, oshxona, kir yuvish va dazmollash xonalari tashkil etilgan. Binolar Wi-Fi tarmog‘i bilan ta’minlangan. Talabalar xonalari yotoq jihozlari, stol-stul, shkaf va konditsionerlar bilan jihozlangan.
Talabalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida binolarda videokuzatuv tizimi o‘rnatilgan. Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ham zarur qulayliklar yaratilgan.
Ayni paytda Namangan davlat universitetida qariyb 17 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Yangi turar joylarning foydalanishga topshirilishi natijasida universitetdagi talabalar turar joylari soni 4 taga, ulardagi o‘rinlar soni qariyb 2 ming 100 taga yetdi. Bu talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini 60 foizga yetkazish imkonini berdi.
[gallery-31374]
Ta’kidlash joizki, universitetda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Namangan hududiy bo‘limi faoliyat yuritmoqda. Oliy ta’lim muassasasining 30 dan ortiq davlatdagi nufuzli universitetlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda universitetning ta’lim, ilm-fan va sport sohalaridagi yutuqlari ham qayd etildi. Xususan, 2025/2026-o‘quv yilida universitetning uch nafar professor-o‘qituvchisi davlat ordenlari bilan taqdirlangan. Qizlar voleybol jamoasi esa uch karra O‘zbekiston kubogi sohibi hamda III Turkiy davlatlar universiadasi g‘olibi bo‘lgan.
Zamonaviy talabalar turar joylarining foydalanishga topshirilishi «Yangi Namangan» shaharchasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining yana bir muhim natijasi bo‘ldi.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, nuroniylar, pedagoglar, faxriylar, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA