Nafosat faslining husni muborak! (+video)
Ko‘rkam ko‘klamning huzurbaxsh nafasi ko‘ngillarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Butun borliq uyg‘onadi. Bunda gul va yaproqlarning muattar hidi, jonbaxsh yellarning ajib sho‘xligi, uyg‘ongan hayotning nafis nafasi qalblarni junbishga keltiradi, qushlarning orombaxsh sasi olamni tutadi.
Ana shunday dilgir kezlarda biroz fursat topib, onamizdek aziz va mehribon tabiat bag‘rida bo‘lishning o‘zgacha gashti bor. Ko‘kka bo‘y cho‘zib turgan azim chinorlar, sovuqlardan bezib, bahorga talpinayotgan gulu-rayhonlar, momolarning yallalari-yu, shodon qizlarning o‘yin kulgilari olamni quvonchga to‘ldiradi. Ana, olis-olislardan baxshining ovoziga jo‘r bo‘lib, do‘mbira sadosi kelmoqda.
Qiru-adirlarda polvonlar kurash tushsa, tuproq hidini sog‘ingan bobodehqon ketmonini olib, dalasiga oshiqadi. Kim ko‘chat qadagan, kim yer chopgan, kim daraxt butagan. Shu bag‘rikeng, qorako‘z xalqimizning ko‘tarinki kayfiyatiga mos ravishda bahor fasli ham o‘zining mehrga to‘la yomg‘irlari va mo‘’tadil havolarini darig‘ tutmaydi, deb niyat qilamiz. Zero bahor - yangilanish, yasharish fasli!
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wdNVvEKBGLI" title="Nafosat faslining husni muborak!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘tkir Alimov tayyorladi
O‘zA