Nafis sanʼat ravnaqi yoʻlida
Oʻzida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni aks ettirgan, boy madaniy merosimiz va buyuk ajdodlarimiz siymolari gavdalantirgan asarlar yuzaga kelishiga erkinlik nashidasi turtki berdi.
Qaror va ijro
Mustaqillik barcha ijodkorlarni maʼnaviy uygʻoqlikka, hayotga yangicha nazar solishga undadi. Vatanimiz va mehnatkash halqimiz haqida, uning shonli tarixi, hayoti va ezgu orzu-intilishlarini tarannum etgan yetuk asarlar yaratishda ilhom manbai boʻldi. Oʻzida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni aks ettirgan, boy madaniy merosimiz va buyuk ajdodlarimiz siymolari gavdalantirgan asarlar yuzaga kelishiga erkinlik nashidasi turtki berdi.
Rassomlarimiz ijodida milliy va umuminsoniy qadriyatlar mujassamligi namoyon boʻldi. Milliy va maʼnaviy tiklanish, yangilanish jarayonlari boʻy koʻrsatmoqda. Bu xususiyatlar qadim sanʼatimiz anʼanalaridan uzilmagan holda zamonaviy izlanishlarga, ijodga oʻziga xos maʼno-mazmun baxsh etdi, qolaversa rassomlarimizning hurfikrlilik, milliy merosni yangicha falsafiy talqin etish, qotib qolgan eski qarashlardan uzoq boʻlish tamoyillariga asoslanib yaratgan eng sara asarlarini jahonga tanitdi.
Endilikda amalga oshirilayotgan ijodiy loyihalar zamonaviy oʻzbek tasviriy sanʼatiga kirib kelgan yosh isteʼdod egalari, turli yoʻnalishlarda yangicha shakl va mazmunda ijod qilayotgan rassom va haykaltaroshlar, xalq ustalarining nomini umummilliy jihatdan eʼtirof etilishiga keng yoʻl ochdi.
Rassomlarimiz tomonidan yurtimiz hayoti, tabiatimiz manzaralari, balki insonning ruhiy olami, ichki kechinmalarini, oʻzlikni anglashga boʻlgan intilishni tasviriy sanʼatning turli janr va uslublarida, turfa boʻyoqlarda ifodalash yaqqol namoyon boʻldi.
Yangi falsafa va shakllarga murojaat etgan rassomlar faqat rangtasvir bilan chegaralanib qolmay, sanʼatning zamonaviy turlarida ham ijod etmoqdalar. Installyatsiya, video-art, perfomans kabi ijod koʻrinishlari yuzaga keldi. Misol uchun, Jamol Usmonov, Vyacheslav Axunov, Aleksandr Nikolayev, Bobur Ismoilov, Farrux Ahmadaliyev rassomlar mazkur sanʼat turlarida sermahsul ijod qilmoqda.
Soʻnggi yillarda mahobatli haykallar va yodgorlik majmualarini oʻz ichiga olgan eng ommaviy turlardan biri – monumental sanʼat sohasida ham tub burilishlar kuzatilib, haykaltaroshlarimiz ijodida jiddiy yutuqlar koʻzga tashlanayotir.
Istiqlol mavzusi, milliy oʻziga xoslik yoʻlidagi izlanishlar koʻplab ijodkorlarimiz, jumladan, oʻzbek haykaltaroshlari ijodida alohida xususiyat sifatida aks etayapti.
Ochigʻini aytish kerak, ilgari oʻzbek millatiga mansub haykaltaroshlar barmoq bilan sanarli edi. Bugungi ijodiy muhit umuman boshqacha. Chunki, sohaga koʻplab yosh isteʼdod egalari kirib kelayapti. Bu esa uning ravnaqi va istiqbolidan dalolat beradi. Jumladan, poytaxtimiz koʻrkiga koʻrk boʻlib turgan Adiblar xiyoboni, “Gʻalaba” bogʻida oʻrnini topgan haykallarning aksariyati Ilhom Jabborov, Toʻlagan Tojixoʻjayev, Ulugʻbek Usmonov singari usta haykaltaroshlar qatorida Jasvant Annazarov, Ulugʻbek Otanazarov, Bahrom Norboyev, Oʻrolboy Yaxshilikov, Ollobergan Olloberganov singari yosh avlod vakillari tomonidan ishlandi. Ahamiyatlisi, bu yutuqlar haykaltaroshlik sanʼatida milliy istiqlol gʻoyasi ostida yangi avlod shakllanganini anglatadi.
Joriy yilning 21-aprelida Prezidentimizning “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori madaniy hayotimizda ulkan voqelik boʻldi. Darhaqiqat, Oʻzbekistonning yangi qiyofasini yaratishda milliy sanʼatimizning oʻrni va ahamiyati beqiyos. Ushbu qaror tasviriy sanʼat rivojida yana bir davrni boshlab bergani bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda qarorning respublika tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yana-da oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi izchil taʼminlanmoqda.
Oʻtgan davrda “Badiiy koʻrgazmalar direksiyasini jahon standartlariga muvofiq mukammal rekonstruksiya qilish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash”, Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari hamda maktab-internatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash”, “Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi faoliyatini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash”, “Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini taʼsis etish” singari va boshqa 10 ga yaqin qaror loyihalari ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi. Mazkur yoʻnalishlardagi ishlar izchil olib borilmoqda.
Hujjatga muvofiq, joriy yil oktyabr oyida buyuk musavvir va naqqosh Kamoliddin Behzod tavalludining 565-yilligi yurtimizda keng nishonlanadi. Shu bois, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan buyuk rassom yubileyiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Tantanali tadbirlar qatorida “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy sanʼati asarlari Respublika ijodiy tanlovini oʻtkazish koʻzda tutilgan boʻlib, tanlov Nizomi ham tasdiqlandi va Badiiy akademiya rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilindi.
Shuningdek, Qaror ijrosi doirasida “Xorijda saqlanayotgan Kamoliddin Behzod va uning izdoshlari ijodiga mansub asarlarning asl yoki koʻchirma nusxalarini yurtimizga qaytarish boʻyicha 2020-2022-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi va uning ijrosiga masʼul Ishchi guruh aʼzolari “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan ish olib bormoqda.
Sir emaski, pandemiya jahon boʻylab madaniyat, sanʼat sohasidagi joʻshqin hayotni jilovlab qoʻydi. Odatda muxlislar, tomoshabinlar bilan gavjum boʻladigan sanʼat maskanlari, yirik galereyalar huvillab qoldi.
Lekin, insonning sanʼatga boʻlgan ehtiyoji hech qachon toʻxtab qolmaydi. Vaziyat qanday boʻlmasin, bunga yoʻl topa olishi ham sinovdan, ham tajribadan oʻtdi. Endi innovatsion texnologiyalar ishga tushdi. Odamlar uyida oʻtirib bemalol sanʼat maskanlariga vizual-virtual “sayohat” qilib, sanʼatga boʻlgan tashnaligini qondirmoqda.
Albatta, jahon hamjamiyatining ajralmas qismi boʻlgan mamlakatimizda ham pandemiya davrida sanʼat ahlining ommaviy tadbirlari, badiiy koʻrgazmalar maʼlum muddat toʻxtab qolgandi. Lekin yosh, katta ijodkor, usta, rassomlarimiz oʻz muxlislariga mana shunday murakkab vaziyatda maʼnaviy tayanch boʻlib, yangi ijodiy izlanishlardan bahramand etishda davom etdilar. Koʻrgazmalarini onlayn tarzda taqdim etib bordilar.
Joriy etilgan karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda boʻsh vaqtni mazmunli oʻtkazish, aholining turli qatlamini tasviriy va amaliy sanʼat olamiga qiziqtirish maqsadida “Uyda qoling va ijod qiling”, “Ijod qilamiz, COVID-19 ni yengamiz!” shiori ostida izlanishni davom ettirib, asarlarini ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etib bordilar. Qiziqarli fleshmoblar, ijodiy loyihalar uyushtirildi. Ular safida akademik-ustoz rassomlar qatorida yosh moʻyqalam egalari ham faol ishtirok etdi.
Pandemiya barchaga dorilomon, bexavotir kunlar qadrini bildirdi. Rassomlarimiz esa uyda qolib, rejada boʻlgan asarlarini bemalol yaratish imkoniga ega boʻldi.
Pandemiya sababli 2020-yil – Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yiliga bagʻishlangan anʼanaviy Tasviriy va amaliy sanʼat festivali oʻz tarixida ilk bor onlayn tarzda tashkil etildi. Unda 14 ta oliy taʼlim muassasasidan 64 nafar, 27 ta oʻrta maxsus taʼlim muassasasidan 332 nafar, jami 396 nafar ijodkor 2000 dan ortiq asarlari bilan ishtirok etishga muvaffaq boʻldi.
Badiiy akademiyaga qarashli Markaziy koʻrgazmalar zalida “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida “Menin Oʻzbekistonim!” nomli Respublika badiiy koʻrgazmasi sanʼat ahliga taqdim etildi.
Qolaversa, Toshkent fotosuratlar uyida “Eng ulugʻ, eng aziz” anʼanaviy koʻrik-tanlovning tasviriy sanʼat yoʻnalishiga doir koʻrgazma tashkil qilindi.
Rassomlarimiz koʻtarinki ruhda oʻz ijodlari bilan xalqimizni tasviriy sanʼat olami goʻzalligidan bahramand qilishda davom etmoqda. Bularning bari har qanday sharoitda ham moʻyqalam ahli ijod, izlanishda davom etganining amaliy isbotidir.