Muzrabotda shprits ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani tibbiyot birlashmasining uch qavatli bolalar bo‘limi va intensiv palata binosi hamda Yangi diyor mahallasida bir martalik tibbiyot shpritsi ishlab chiqaradigan zamonaviy korxona foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bo‘lib o‘tgan tantanali marosimlarda tuman hokimi E.Alimov, mehnat fahriysi M. Zoirov va boshqalar so‘nggi yillarda tibbiyot, farmatsevtika sohalarini yanada rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor chekka hududlarda ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirib, onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi.


Farmatsevtika sanoatining izchil rivojlanayotgani bemorlarni mahalliy sharaoitda ishlab chiqarilgan arzon, ishonchli dori-darmon va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.
“Obod markaz” davlat dasturi doirasida tuman tibbiyot birlashmasida qad rostlagan uch qavatli 30 o‘rinli bolalar bo‘limi va olti o‘ringa mo‘ljallangan intensiv palata binosida ham soha mutaxassislari shuningdek, bemorlar uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Ultratovush tashxislash, EKG apparatlari o‘rnatilgan. Zarur qulayliklarga ega travmatologiya punkti, yangi labaratoriya-diagnostika xonalari barpo etilgan.

Yangi binoni “ASADULLAYEV FIRDAVS” xususiy korxonasi quruvchilari tez, sifatli bunyod etdi. Buning uchun 11 milliard 561 million so‘m mablag‘ sarflandi. Shu paytgacha mazkur bo‘limning tibbiyot xodimlari tuman shoshilinch tibbiy xizmat markazida yetarli sharoitlarga ega bo‘lmagan moslashtirilgan xonalarda faoliyat yuritib kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda chekka tumanda yuzdan ortiq oliy ma’lumotli shifokor va 700 dan ziyod o‘rta ma’lumotli hamshira hamda boshqa xodimlar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Yaqin yillarda tuman tibbiyot birlashmasi hududida tuman shoshilinch tibbiy xizmat bo‘limi uchun ham yangi bino barpo etish rejalashtirilmoqda.

–Shu tumanda 67 yildan buyon yashayman, – deydi mehnat faxriysi Shoymardon Xurramov. – Yarim asrdan ortiq vaqtda qilinmagan bunyodkorlik ishlari keyingi besh yilda amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, keng, ravon yo‘llar, zamonaviy tibbiyot, ta’lim muassasalari, bolalar bog‘chalari, ko‘p qavatli turar-joy binolari barpo etilayotganidan, tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan yangi korxonalar qurilayotganidan shunday obod, farovon kunlarni ko‘rish nasib qilganiga shukrona aytib yashayapmiz.

Tumanning Yangi diyor mahallasida "Alpomish Servis Invest" xususiy korxonasi barpo etgan bir martalik shprits ishlab chiqarish korxonasini qurib, ishga tushirish uchun 48 milliard 150 million so‘m mablag‘ sarflandi. Uning 38 milliard 150 million so‘mi tijorat banki krediti va 10 milliard so‘mi tadbirkorning o‘z mablag‘idir. Zamonaviy xorij texnologiyasi bilan jihozlangan yangi korxonada 70 kishining bandligi ta’minlandi. Ularning 40 nafari “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolardir.


Viloyatda yagona bo‘lgan korxona yiliga 200 ming dona
bir martalik shprits mahsuloti ishlab chiqaradi. Uning 40 foizi ichki bozorga sotiladi. 60 foizi xorijga eksport qilinadi. Kelgusida bu yerda tibbiyot qo‘lqoplari va tibbiyot uchun suyuqlik ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, yana 80 ta yangi ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda.
Tuman tibbiyot birlashmasining bolalar bo‘limi va zamonaviy yangi korxonaning tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA