Muxlislar qalbida qolgan san’atkor
Uni ko‘plarimiz «Bahor qaytmaydi» telespektakli orqali ilk marta tanigan edik. O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa’dullayev manmanlikka berilgan xonanda obrazini qoyilmaqom tarzda ijro etganini hali-hamon e’tirof etiladi.
Lutfulla Sa’dullayev 81 yoshida bu yorug‘ olamdan o‘tgani haqidagi mash’um xabar, teatr va kino muxlislari qalbini larzaga solgani rost.
Ustoz san’atkor 1940 yilning 18 dekabrida Toshkent shahrida tavallud topgan. 1965 yil Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tamomlagan.
L.Sa’dullayev talabalik yillaridayoq ijodiy faoliyatini Yosh tomoshabinlar teatridan boshlagan. Teatr sahnasidagi Muso Jalil («Muso Jalil»), Bunyod («Semurg‘»), Ibn Sino («Donishmandning yoshligi»), Shog‘ulom («Janjal»), Omon («Shum bola»), Mirqosim («Zaharli tomchilar»), Ibn Mal’un («Ming bir kecha») kabi obrazlari bilan tomoshabinlar mehrini qozongandi.
Bundan tashqari, L.Sa’dullayev kino va videofilmlarda ham samarali ijod qildi. Endi ular bizga xotira bo‘lib qoldi.
Lutfulla Sa’dullayev o‘zining to‘g‘riso‘zligi, mehnatsevarligi, fidoyiligi bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi. U o‘zbek san’atining ko‘kka bo‘y cho‘zgan, ildizlari mustahkam bir chinori edi, deya xotirlanadi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning telegram kanalida.
O‘zA