Muvaffaqiyat yangi g‘alabalarga undaydi
Keyingi yillarda mamlakatimizda sportning qilichbozlik turi tobora ommalashmoqda. O‘zbekiston chempioni Veronika Rojkova ayni paytda mamlakatimiz yoshlar terma jamoasi safida joriy yilning aprel oyida kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida Fransiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga puxta hozirlik ko‘rmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sportning qilichbozlik turi tobora ommalashmoqda. O‘zbekiston chempioni Veronika Rojkova ayni paytda mamlakatimiz yoshlar terma jamoasi safida joriy yilning aprel oyida kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida Fransiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga puxta hozirlik ko‘rmoqda.2009-yilda sportdagi faoliyatini boshlagan Veronika 13 yoshida ilk bor shpagani qo‘liga oldi va murabbiyi Dmitriy Filimonovdan qilichbozlik sirlarini o‘rganishga kirishdi. O‘tgan yillarda yosh sportchi o‘z mahoratini sezilarli darajada yuksaltirdi. Buning samarasida Qozog‘istondagi xalqaro turnirda birinchi va Bahraynda «Olympic day» turniri doirasida o‘tkazilgan musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi. 2014-yilda Veronika O‘zbekiston kubogida g‘alaba qozonib, sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi. U ko‘plab respublika va xalqaro musobaqalar g‘olibidir.
– Vatan sha’nini himoya qilish har bir sportchi uchun ulkan sharaf va mas’uliyatdir, – deydi Yunus Rajabiy nomidagi Toshkent pedagogika kolleji o‘quvchisi va Respublika o‘smirlar oliy sport mahorati maktabi tarbiyalanuvchisi V.Rojkova. – Maqsadim yirik musobaqalarda yuksak g‘alabalarga erishish va mamlakatimiz shuhratini xalqaro miqyosda keng yoyishdir.
Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi «O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Qilichbozlik federatsiyasi tomonidan joylarda yoshlarning ushbu sport turi bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, zarur jihozlar bilan ta’minlash, sportchi va murabbiylarning mahoratini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Bugun Farg‘ona, Andijon, Navoiy, Buxoro va Samarqand shaharlarida hududiy federatsiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi qilichbozlik bo‘yicha murabbiy Dmitriy Filimonov. – Ikki yildan buyon Qashqadaryo viloyati jamoasi ham mamlakatimiz turnirlarida ishtirok etmoqda. Ko‘plab olimpiya zaxiralari kollejlari va sport maktablarida qilichbozlik bo‘limi tashkil etilgan. Andijon viloyatida ixtisoslashtirilgan qilichbozlik majmuasi qurilmoqda. Joriy yilda ushbu majmuaning ishga tushirilishi belgilangan. Amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. O‘tgan yili mamlakatimizda kadetlar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Jahon chempionatidan keyin qilichbozlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda.