Mutaxassis teng sheriklik va stereotiplardan voz kechishga chaqiradi
Xivada Markaziy Osiyo va Germaniya ekspertlar forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir siyosiy dialog va xavfsizlikdan iqtisodiyot, transport, energetika va inson kapitalini rivojlantirishgacha bo‘lgan keng qamrovli mavzularni qamrab oladi.
Xalqaro akademik jamoalar, biznes va tadqiqot markazlari vakillarini qamrab olgan forum O‘zbekiston Prezidentining 2023-yilda Berlin sammitida belgilab o‘tilgan Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasidagi strategik sheriklikni ekspertlar qo‘llab-quvvatlashini mustahkamlash tashabbusi doirasida tashkil etildi.
Birinchi sessiyada so‘zlagan mutaxassis Aleksandr Volters Yevropa va Germaniyaning tashqi siyosat yondashuvlarini chuqur qayta tuzish bosqichida ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sovuq urushdan keyingi davrning eski kafolatlari endi ishlamayapti va bugun xalqaro munosabatlar yangi tizimi shakllanmoqda.

Shu fonda mutaxassis Markaziy Osiyoning periferiya sifatida qabul qilinishi to‘xtab, u Yevrosiyo siyosati va iqtisodiyotining mustaqil va muhim tuguni shaklida ko‘proq qabul qilinayotganini ta’kidladi. U mintaqa ichki muvofiqlashtirishni mustahkamlab, yanada konsolidatsiyalashgan ishtirokchiga aylanayotganini qayd etdi.
Aleksandr Voltersning fikricha, bu Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida yanada amaliy va teng hamkorlik uchun asos yaratadi. Bu yondashuv eskirgan stereotiplardan voz kechish va o‘zaro manfaatlar asosidagi o‘zaro ta’sirga o‘tishni nazarda tutadi.
Alohida ravishda u xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik, jumladan, Afg‘oniston yo‘nalishi masalalarida Markaziy Osiyoning ahamiyatini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaviy davlatlar orqali Afg‘onistonni iqtisodiy va transport aloqalariga jalb qilish jarayoni allaqachon boshlangan va bu barqarorsizlik xavfini kamaytirishga yordam berishi mumkin.
Amaliy jihatdan mutaxassis Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida transport koridorlarini, asosan Transkaspiy marshrutlarini rivojlantirish, energetika va logistika bog‘lanishini mustahkamlash, shuningdek, ta’lim va ilmiy almashinuvni kengaytirishni belgilab berdi.
Xulosa qilib, u Germaniyaning Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiyani qo‘llab-quvvatlash va infratuzilma hamda gumanitar loyihalarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynashi mumkinligini ta’kidladi. Uning bahosiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar kelajagi teng va ko‘p tomonlama o‘zaro ta’sirning yanada barqaror modeliga o‘tishga bog‘liq bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Fridrix Ebert jamg‘armasi va Konrad Adenauyer jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xiva forumi Markaziy Osiyo va Germaniyaning akademik jamoasi, biznes doiralari va ekspert-tahliliy markazlarining keng qamrovli vakillarini birlashtirdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari