Mustaqillikning qutlug‘ qadami
Mamlakatimiz o‘z mustaqilligiga erishib, jahon hamjamiyatida alohida o‘rniga, so‘ziga ega bo‘lganiga 33 yil to‘lmoqda. Bu ulug‘ bayramning xalqimiz hayotida tutgan o‘rni beqiyos. O‘z navbatida, har bir yurtdoshimizning bu ayyom haqida o‘ziga xos fikrlari bor.
Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari - iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov mustaqillik haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi
– O‘zbekiston Respublikasi o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan buyuk tarixiy kun – xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallagan, har yili eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida katta shodu-xurramlik bilan nishonlanadigan qutlug‘ ayyomdir.
Yurtimiz rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan muhim yangilanish va islohotlar, ilm-fan yuksalishi, sport sohasidagi yutuqlar, turli jabhalarda izlanishlar olib borayotgan olimlarimizga yuksak e’tibor, respublikamiz iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotining har bir sohasiga innovatsiyalarning joriy etilishi bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqarishning tashkil etilishi buning yaqqol misolidir.
Mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati yildan-yilga ortib bormoqda. Mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yib, barcha soha va tarmoqlarda yangilanish jarayonlari kechmoqda. O‘tgan davr erkin va farovon hayotni, buyuk kelajakni faqat va faqat mustaqillik asosidagina qurish mumkinligini ko‘rsatdi. Bu vaqt ichida sud-huquq sohasida ham ulkan o‘zgarishlar yuz berdiki, soha tubdan yangilandi, desak, xato qilmagan bo‘lamiz. 2023 yilda umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyaning yangilangani esa, barcha yo‘nalishlarda, jabhalarda o‘z samarasini ko‘rsata boshladi.
Aytish mumkinki, bayramdan bayramgacha bo‘lgan davr ichida, bu yil juda katta, butun mamlakat hayotiga ta’sir qiluvchi, jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgudek o‘zgarishlar, yutuqlar, ijobiy yangilanishlar yuz berdi. Yangilangan Konstitutsiya bularning eng muhimlaridan bo‘lsa, xalqaro miqyosda O‘zbekiston tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotgani barchamizga faxr, Olimpiada o‘yinlarida sportchilarimiz tomonidan erishilgan yuksak yutuqlar esa iftixor bag‘ishladi.
Bayram arafasida Prezident qarori bilan mukofotlangan bir guruh hamyurtlarimiz orasida sud tizimi xodimlari ham borligi barchamizni quvontirdi. Shuningdek, Mustaqillikning 33 yilligi “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilishida ham teran ma’nolar borki, butun dunyoda siyosiy beqarorlik yuz berib turgan ayni kunlarda, bizning birlik, birdamlikka yanada ko‘proq ehtiyojimiz bor.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkazilayotgani, ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olinayotgani, an’anaviy ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilayotgani ham xalqimizning birligi, birdamligi, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ulari shakllanishida munosib hissa qo‘shmoqda.
Har bir davlatning mustaqillikka erishgan kuni shu mamlakat xalqining jahon hamjamiyatida o‘z o‘rni va o‘z so‘ziga ega bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lgan eng aziz sanadir. Istiqlol yillarida yangi avlod kamolga yetdi. Eng muhimi, hayoti ma’no-mazmuni, maqsad-muddaosi va dunyoqarashi tubdan o‘zgargan yurtdoshlarimizni mustaqillikni yanada mustahkamlash, tinchlik va osoyishtaligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, barkamol avlodni tarbiyalab, mamlakatimizning jahondagi nufuzini yanada yuksaltirishdek ezgu maqsadlar birlashtirdi.
Istiqlol – millatimiz, mamlakatimizning jahondagi obro‘-e’tibori, shon-shavkatini ko‘taradigan sog‘lom avlodni, har jihatdan barkamol va fidoyi o‘g‘il-qizlarni tarbiyalash, ularni voyaga yetkazish va baxtini ko‘rishdir.
Adolat ustuvor mamlakatdagina taraqqiyot, rivojlanish bo‘ladi. Shu sababli ham, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan har bir ishda adolat tamoyillariga amal qilinmoqda.
Buni sudlarning fuqarolarga yanada yaqinlashayotganidan, ularga bir vaqtlar yopiq bo‘lgan eshiklarini keng ochayotganidan, sohaning shaffoflanib borayotganidan yaqqol ko‘rish mumkin. Bugungi kunda ko‘plab ishlar sayyor sud majlislarida ko‘rilmoqda, sud rahbarlari, sudyalar faqat xonalardagina emas, joylarga chiqib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda. Ularning muammolarini, dardini eshitib, darhol qonuniy yordam ko‘rsatib, tashvishlar barham topishiga ko‘maklashmoqda. Bularning bari, albatta, xalqni rozi qilish uchun tashlanayotgan muhim qadamdir.
Fursatdan foydalanib, ulug‘ ayyom bilan xalqimizni muborakbod etaman.
O‘zA muxbiri
N.Abduraimova
yozib oldi.