Mustaqillik nima berdi? Mulohaza
Mana yana tong otadi, kech bo‘ladi va yana bir kun tarixga aylanadi. Bugun mustaqillik bayramini otamsiz kutib olganimga yigirma uch yil, onamsiz qarshi olganimga esa olti yil bo‘ldi. Bu shunchaki raqamlar emas. Buning ortida ham quvonchli, ham g‘amgin kunlar borligi kino tasmasidek ko‘z oldimdan o‘tadi.
Mustaqillik bizga nima berdi, degan savol tinchlik bermaydi gohida. Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Mustaqillikka biz nima berdik, degan savolni hech o‘ylamaymiz yoki istamaymiz.
Mustaqillik bizga ozodlikni, erkni, to‘g‘ri so‘zni aytishni, adolatni, tinchlikni, erkin bilim olishni, dunyoga chiqishni, qadriyatni asrashni, so‘z erkinligini, ona tilimizni, huquq va burchni berdi... va yana sanab adog‘iga yetish mumkin bo‘lmagan jihatlar qancha.
1989-yil. Ukam Ozarbayjonning Boku shahrida harbiy xizmatni o‘tayotgan vaqtlar. Ona nima bo‘lsa-da, ona-da. Onam ukam haqida ko‘p o‘ylardilar. Askar bo‘lish osonmas, mashaqqati bor. Qorni to‘ymaydi, uyqusida halovat bo‘lmaydi, deb siqilardi. Bir kuni otam, “Harakatingni qil, borib kelamiz, ko‘zing bilan ko‘rib kelasan”, dedilar.
Onam yetti yoshlaridan qo‘llariga ketmon olib, dala yumushiga chiqqanlar. Mashinaga minib biror joyga borsalar uch kun betob bo‘lardilar. Samolyotni uzoqdan ko‘rsalar qulab ketmasmikan, deb hayratga tushar edilar.
Xullas, otam amakim bilan ukamni ko‘rishga Ozarbayjon tomon yo‘lga tushishdi. Ikki kun komandirlarni mehmon qilib, o‘n besh kun muddatga ukamga otpuska olib uyga olib kelishdi. Onamning xursandchiliklarining cheki yo‘q. Muddat tugagach ukamni yana xizmatga kuzatdik. Ukam rus tilini bilmagani uchun xizmatda ancha qiynalgan ekan.

Bir kuni maktub yozishga o‘tirdim-u, eng birinchi yozgan jumlalarim shunday boshlandi: “Ukajon, jigarim, bugun o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu xabar hamma joyda e’lon qilindi. Bu yog‘i endi yaxshi bo‘lishi tayin...”. Bu so‘zlarni yozyapman-u, o‘zimni entikish hissi chulg‘ab olgandi. Maktubga qo‘shib matbuotda chop etilgan matnni ham joyladim.
Bu kunlarni xalqimiz necha yillar umid va iztirob bilan kutgan. O‘shanda mustaqillik yo‘lida tashlangan bu ilk qadamlar bugun bo‘y ko‘rsatdi.
Oliy o‘quv yurtining kechki bo‘limida o‘qirdim. Kunduz kuni “TashORMZ” nomli zavodda ishlardim. Haftada to‘rt kun talabalar shaharchasiga qatnab, to‘qimachilik korxonasidan Qo‘yliq bozoriga qaytadigan eng so‘nggi avtobusga arang ilinib, halqa yo‘li yoqasida tushib, to‘rt chaqirim joydan uyga piyoda qaytaman. U paytlarda ko‘chalar qorong‘i, mashinalar tunda umuman bo‘lmasdi. Borlari ham yo‘lovchini olib ketishga hayiqardi.

Shunday kunlarning birida onam sho‘rlik otamning haybatidan cho‘chib, meni kutib olish uchun halqa yo‘l tomonga boribdilar. Qorong‘ida bir sharpaga ko‘zim tushdi va seskanib ketdim. Shunda “Asror senmisan”, degan sado keldi. Onam quyosh chiqmasdan to ko‘z ko‘rguncha dalada bo‘lib, yana yarim tunda meni kutishga chiqqan ekan. O‘shanda onamga, “Men yosh bolamanmi, shu yergacha kelgan, uyga borolmaymanmi”, deb zarda qilganimni bot-bot eslayman va bundan afsus qilaman. Hozir o‘sha zimiston ko‘chalar charog‘on va Xonobod ahlining tushiga ko‘rmagan yer usti metrosi ko‘zni quvnatib shamolday yelib bormoqda.
Otam do‘kondor bo‘lganlar. Farzand uchun uy-joy qurish, uylash, kelajakdagi kamolini ko‘rish orzusi bilan yashagan odamlar qatori ota-onam ham mehnat qilib uy solishgan. Mahallada pishiq g‘ishtdan sanoqli odamlar uy ko‘targan paytlar. U ham, bo‘lsa, buzilgan imoratlardan yig‘ib olingan eski g‘ishtlardan qurilgan. Falonchi pishiq g‘ishtdan uy solibdi, tunuka bilan tom yopibdi desa, shov-shuv bo‘lar edi. Bugun o‘sha uylar hozirgi zamonaviy uylar oldida kichik bir hujra bo‘lib qoldi. Hozir esa istalgan loyiha asosida, istalgan material bilan uy qurish mumkin va bunga imkoniyat ham bor.
Qishloq joyda yashagandan keyin dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanish oilalarga faqat daromad va foyda olib keladi. Yetishtirilgan hosilni tong saharlab bozorga olib borish sotish kerak, albatta. Pishiqchilik boshlangan paytlarda kunda, kunora mahsulotni mashinaga joylab bozorga tomon yo‘l olamiz. Shunday kunlarning birida tongda mashinani o‘t oldirib tursam, bir devor qo‘shnim chiqib, “Juda jonga tegding-da, saharlab uyquni buzasan. Bu shalog‘i chiqqan traktorga o‘xshab tirillaydigan aravangdan qachon qutilamiz”, deb “Jiguli” mashinamga ishora qildi. Qo‘shniga e’tiroz bildirmadim-da ko‘ngildan o‘tkazdim, vaqti kelib yaxshisi ham bo‘lib qolar. Hozir, qo‘shnimning uyqusi buzilmaydi, hech kim bezovta bo‘lmaydi. Mashinaning tovushi u yoqda tursin, yurib ketayotgani ham sezilmaydiganlariga ham erishdik.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bu nimaning sharofati, albatta, mustaqillikning, u bergan tinchlikning sharofati.
Ijtimoiy tarmoqlarda, tele va radio to‘lqinlarida, turli matbuot nashrlarida, ko‘plab hududlarda qo‘poruvchilik, tinchlikni, odamlar hayotini buzadigan. yoshlar tarbiyasiga raxna soluvchi kuchlarning giyohvandlik moddalari savdosi, uni yetishtirish, sotish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi kimsalar haqidagi yangiliklarga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Bu kabi holatlarga ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Aytganimdek, biz mustaqillikka nima berdik? Bu haqda har birimiz o‘ylashimiz zarur. Mustaqillikni asrashimiz va kelajak avlodga imkon qadar gard yuqtirmasdan yetkazishimiz lozim. Dunyoda ikkita eng oliy ne’mat bor. Biri tan salomatligi bo‘lsa, ikkinchisi Vatan osoyishtaligi. Keksalarimiz duolariga quloq solganmisiz. Avvalo, yurtga tinchlik so‘raladi, so‘ng tanimizga sog‘lik. Bu bejiz emas. Bu har ikkisi bir-birini to‘ldirib keladigan oliy, bebaho ne’matlardir.
Mustaqillik sharofati bilan bugungi kunda qayerga qo‘limizni cho‘zsak yetmoqda. Faqat shu yurtni o‘ziga Vatan deb bilgan, shu yurt uchun jonini tikadigan har bir kishi beparvo va loqayd bo‘lmasligi, doimo ogoh va hushyor bo‘lmog‘i darkor.
Qiyinchilik bilan erishilgan har bir ne’mat qadrli bo‘lgani kabi mustaqil bo‘lish ham oson kechmadi. Uning qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘iday asrash yoshu keksaning zimmasida. Buni chuqur anglab yashash uchun hammamizda yetarli salohiyat, tushuncha, tajriba va iroda bo‘lishi kerak.
Mustaqillik bizdan hech narsa so‘ramaydi. Lekin u bizga ko‘p narsa berdi. Berganda ham juda ko‘p. Buning qadriga yetish esa har birimizning burchimizdir.
Asror Sulaymonov,
O‘zA