Mustaqillik — islohotlar va yuksak taraqqiyotning mustahkam poydevori
Navoiy shahrida joylashgan harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik - islohotlar va yuksak taraqqiyotning mustahkam poydevori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barcha sohalar qatorida mudofaa va xavfsizlik tizimini ham qamrab olmoqda. Tahdid va chaqiriqlarga munosib javob berish, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbir davomida xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, o‘zining namunaviy xizmatlari bilan safdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar rag‘batlantirildi. Ularga esdalik sovg‘alari, diplom va faxriy yorliqlar topshirildi. Shuningdek, xizmatda munosib natijalarga erishgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali ravishda berildi.


Shuningdek, tadbirda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ota-onasiga hurmat va ehtirom ramzi sifatida esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tantanali tadbirda harbiy orkestr hamda faxriy qorovul jamoasi ishtirok etib, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri