Mustaqillik — huquq, imkoniyat, burch demakdir! (+video)
Mustaqillik — bu har bir inson va xalq uchun o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi, yaratuvchanlik hamda taraqqiyot uchun keng imkoniyatlar va Vatan oldidagi mas’uliyatli burch demakdir.
Istiqlolda o‘tgan har bir yil jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy-ma’rifiy hayotida, odamlarning dunyoqarashi va turmush tarzida o‘ziga xos ma’no va mazmunga ega iz qoldirdi. Hayotimizning barcha sohalarida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Mamlakat iqtisodiyoti rejalashtirilgan sur’atlardan ham yuqori rivojlanishda davom etayotganini xalqaro tashkilotlarning e’tirofidan ham sezish mumkin.
Mustaqillik – bu avvalo huquq. U nimalarda namoyon bo‘ladi? O‘z Yurtida o‘zi xohlagandek ozod va obod Vatan bunyod etish, unda emin-erkin yashash, o‘z taraqqiyot yo‘lini erkin belgilash, mehnatining samarasini, rohatini ko‘rish, iqtidor va imkoniyati, kuchu-qudratini dunyoga namoyon etish kabilar shu yurt farzandlarining huquqidir. Aynan Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekiston fuqarolari ham ana shunday Oliy huquqni qo‘lga kiritdi.
Ushbu huquq o‘zligimizni anglash, saxovatli zaminimiz boyliklarini, xalqimizning ulkan yaratuvchanlik va intellektual salohiyatini Vatanimiz ravnaqi, hech kimdan kam bo‘lmay yashashimiz, buyuk orzularimiz ro‘yobi yo‘lida safarbar etish imkonini berdi.
Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA