Mustaqillik bayrami katta shodiyona bilan nishonlandi
Bobur shahridagi amfiteatrda Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida“ o‘tkazilgan badiiy-musiqiy, teatrlashtirilgan bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi.
Bayram tadbirida viloyatning barcha tuman va shaharlaridan taklif etilgan davlat, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan andijonliklar, mehnat faxriylari, harbiylar, faol yoshlar ishtirok etdi.
Tdbirida so‘z olgan Andijon viloyati hokim Shuhratbek Abdurahmonov barcha andijonliklarni bayram bilan muborakbod etib, mustaqillik yillarida mamlakatimizda, xususan, viloyatda qurilish, bunyodkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda hayotimizda, shuurimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar andijonliklarni yanada yuksak marralar sari ilhomlantirmoqda, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Bu mehnatlarimiz, erishayotgan natijalarimizda o‘z aksini topmoqda.
Xususan, viloyatda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 2016-yilda 16 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, keyingi yillarda olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning boshiga kelib, hududiy mahsulot ishlab chiqarish xajmi 107,7 trillion so‘mga yetdi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish sohalarida ham barqaror o‘sishga erishildi. Ta’kidlash joizki, ulkan qurilish maydoniga aylangan viloyatda yangi-yangi korxona, turar-joylar, yo‘l va ko‘priklar, infratuzilma ob’ektlari, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari barpo etildi.


Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda umumiy qiymati 23 trillion so‘mlik 1 ming 515 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada 22 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Xususan, 758 ta xizmat ko‘rsatish, 121 ta yangi ishlab chiqarish korxonasi, 103 ta ijtimoiy soha ob’ekti, 5 ming 22 ta xonadonli 78 ta ko‘p qavatli turar joy kompleksi, 348 ta infratuzilma ob’ekti hamda 49 ta mahalla binolari ishga tushirildi.
Birgina Mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz ishtirokida viloyatda qiymati 4,7 trillion so‘mlik 11 ta yangi loyiha ishga tushirilib, 6 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Xususan, yangi ishga tushirilgan Baliqchi tumanida qiymati 80 million dollarlik to‘qimachilik kompleksida 1 ming 500 ta, Oltinko‘l, Xujaobod tumanlarida qiymati 50 million dollarlik loyihalar doirasida ishga tushirilgan korxonalarda 1 ming 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bundan tashqari, AQSHlik hamkorlar bilan birgalikda Marhamat tumanida qiymati 15 million dollarga teng Logistika markazi, Oltinko‘l tumanida qiymati 5 million dollarga teng xususiy maktab tashkil etildi.
Aslida, barcha islohotlar, amalga oshirayotgan loyihalarning asosiy maqsadi yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish va insonlarning munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitishga qaratilgan. Shu bois ham Kambag‘allikni qisqartirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2020-2025-yillarda aholining ishsizlik darajasi 11 foizdan 4,5 foizga tushirildi. Birgina joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 368 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Joriy yil oxiriga qadar ishsizlik darajasini 3,6 foizga tushirish ko‘zda tutilgan. Bu boradagi ishlarni olib borishda tadbirkorlikni, xususan, kichik va xususiy biznesni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Viloyatda 2021-2025-yillarda aholining kambag‘allik darajasi 21 foizdan 6,1 foizga, ya’ni so‘ngi besh yilda 2,5 barobarga qisqartirishga erishildi. Joriy yil yakuniga qadar yana 26 mingta oilaning 108 ming nafar a’zosini daromadli mehnat bilan band qilib, kambag‘allik darajasini 2,4 foizga tushirish maqsad qilingan.

Mamalakatning iqtisodiy rivojida xorijiy investitsiyalarning o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etadi. Viloyatda bu borada ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Keyingi 5 yil ichida qariyb 5,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, 2021-yilga nisbatan 9 barobar ortdi.
Birgina joriy yilning o‘tgan davrida viloyat hokimi rahbarligida viloyat delegatsiyasi Turkiya, Afg‘oniston, Rossiya, Belorusiya, Amerika va Xitoy davlatlarida bo‘lib, umumiy qiymati 4,5 mlrd dollarlik 131 ta yangi investitsiya loyihasi hamda tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. 2026-yilning o‘zida 3,5 milliard dollar qiymatdagi xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Andijon xalqaro aeroportining qayta ishga tushirilganliga ham viloyatdagi katta ishlardan biri bo‘ldi. Bugun mazkur aeroport zamonaviy ulkan havo kemalarini qabul qilish imkoniyatiga ega. Ayni paytda 1 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega, qiymati 350 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan yangi terminal binosining qurilishi yakunlanmoqda.

Andijonda aholini zamonaviy va qulay uy-joylar bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida aholini arzon va zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2016–2025-yillarda jami 1 ming 100 ta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 42 ming yangi xonadon aholiga topshirildi.
2026-yilda 10 ming xonadonli 211 ta ko‘p qavatli uy-joy qurishni rejalashtirilgavn. Bugungi kunga qadar 5,5 xonadonli 80 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari natijasida respublikamizning eng obod, ko‘rkam hududlarida biriga aylanmoqda, ko‘plab yangi-yangi ob’ektlar barpo etilmoqda.
Viloyat hokimi viloyatda juda ko‘p sohalarda e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligi, umuman, andijonliklar mustaqillikning o‘ttiz besh yillik to‘yini munosib yutuqlar bilan nishonlayotganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng katta konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirning badiiy qismida bolajonlar, sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, badiiy jamoalar, milliy-madaniy markazlar vakillari, taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan raqs, kuy va qo‘shiqlar barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.

Yurtdoshlarimizga bayram shukuhini xadiya etayotgan bu kabi tantanalar viloyatning barcha tuman va shaharlari, mahallalari, mehnat jamoalarida bo‘lib o‘tmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari