Mustaqillik bayrami fidoyilik va bunyodkorlik ruhida kutib olinmoqda
Mustaqillik — bu shunchaki tarixiy sana emas. U millatning erkin irodasi, xalqning yuksak orzu-intilishlari va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchining timsolidir. O‘tgan 35 yil davomida O‘zbekiston ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi, yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, xalq farovonligini ta’minlash va zamonaviy davlat barpo etish yo‘lida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, Prezidentimiz rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish, shahar va qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, har bir mahallada obod va farovon muhit yaratishga qaratilgan ezgu tashabbuslar bugun o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Shu bois mamlakatimiz bo‘ylab nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi umumxalq bayrami har bir shahar va qishloqqa yangicha ruh, yangicha nafas olib kirmoqda. Bu yilgi bayramning “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu shiori ham yurtdoshlarimizni yagona maqsad yo‘lida birlashishga, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga undaydi. Ushbu shior yurtimizda yashovchi turli millat va elat vakillarining ahilligi, bag‘rikengligi, o‘zaro hurmati va birdamligini ifoda etadi. Zero, mustaqillikning eng katta kuchi ham xalq birligidadir.
Buxoro viloyatining chekka hududlaridan biri — Qorako‘l tumanida ham ulug‘ bayramni munosib kutib olish maqsadida tayyorgarlik ishlari keng ko‘lamda davom etmoqda. Tumanning markaziy ko‘chalari, davlat idoralari, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar hamda jamoat binolari Davlat bayrog‘i, milliy ramzlar va bayram shiorlari bilan bezatilib, hududlarga yanada ko‘rkam va fayzli qiyofa bag‘ishlamoqda.

Ayniqsa, ko‘kda g‘urur bilan hilpirayotgan muqaddas Davlat bayrog‘imiz, obod mahallalar, gullarga burkangan xiyobonlar va bayramona bezatilgan maskanlar har bir inson qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini yanada yuksaltirmoqda. Bu manzaralar mustaqillikning haqiqiy qadrini, tinchlik va osoyishtalikning beqiyos ne’mat ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli obodonchilik va bunyodkorlik ishlari bugun har bir hudud qiyofasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mahallalarni obod qilish, ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish, infratuzilmani yangilash, ijtimoiy ob’ektlarni zamonaviy qiyofaga keltirish, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish borasidagi ishlar Qorako‘l tumanida ham uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Bu ezgu sa’y-harakatlar faqat bayram uchun emas, balki insonlarga munosib hayot sharoitini yaratish, yurt obodligi va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli siyosatning amaliy ifodasidir.

Mustaqillik bayrami arafasida tumanda tashkil etilayotgan har bir obodonchilik tadbiri, har bir ta’mirlangan yo‘l yoki bezatilgan maskan Vatanga muhabbatning amaliy ko‘rinishi sifatida qadrlanmoqda. Chunki yurt obodligi har bir fuqaroning mas’uliyati va faxridir.
Bugun Qorako‘lda hukm surayotgan ko‘tarinki kayfiyat, mehnatsevarlik va birdamlik muhiti mustaqillik g‘oyalarining hayotimizga chuqur singganini yana bir bor tasdiqlamoqda. Bayramga tayyorgarlik jarayonlari nafaqat hududga ko‘rk bag‘ishlamoqda, balki odamlarni ezgu maqsadlar atrofida birlashtirib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri