Mustahkam oila – jamiyat tayanchi
Andijon shahridagi Yoshlarni oilaga tayyorlash markazida "Oilada urf odat va an’analarning o‘rni, oilaviy ajrimlarning oldini olish” mavzusida psixologik trening o‘tkazildi.
Andijon viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Andijon shahar bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan treningda Andijon shahridagi 94 mahalla fuqarolar yig‘ini Xotin-qizlar faollari, shifokorlar, otinoyilar hamda shahar FXDYO bo‘limiga nikohdan o‘tish uchun ariza topshirgan qizlar ishtirok etdi.

– Oilani muqaddas bilish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash, e’zozlash, mustahkamligini ta’minlash xalqimizning qon-qoniga singib ketgan qadriyatdir, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Gulnoraxon Abdullayeva. – Qolaversa, mamlakatimizda ayniqsa, keyingi yillarda oilalarni mustahkamlash, oilaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, madaniy-maishiy turmush sharoitlarini yaxshilash, uni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Har qanday mamlakat taraqqiyoti o‘sha yurtning oilalari mustahkamligi, barqarorligi va manfaatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Qolaversa, har bir inson uchun oila bu umrning boshlanishi, barcha ezguliklarning muqaddimasidir. Zero, insonlar o‘z baxti va saodatini eng avvalo, oilasi bilan bog‘laydi. Ya’ni, o‘z uyi, oilasida baxt topgan insongina o‘zini jamiyatda erkin va to‘laqonli his etadi.

Tadbir avvalida oila qurish arafasida turgan qizlar bilan o‘tkazilgan suhbatda ana shu va oila qadriyatlari bilan bog‘liq qator mavzular xususida so‘z yuritildi.
Trening mashg‘ulotlarida Oila va xotin-qizlar boshqarmasi mutasaddilari, shuningdek, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis G. Bobojonova, shahar FHDYO bo‘limi xodimi Z.Turg‘unova, shahar bosh otinoyisi A.Ziyayeva tomonidan yoshlarga oilaning huquqiy asoslari, oilaviy munosabatlar, oila byudjeti, salomatlik gigiyenasi, muqaddas dinimizda oilada kelin-kuyov, qaynona-qaynota, oila boshqa a’zolarining huquq, burch va vazifalari qanday ekanligi haqida keng tushuncha va ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, mahallalarda oilalarni mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ajrimlarning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha xotin-qizlar faollarning fikr va mulohazalari tinglandi. Ularga mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Yakunda seminar–treningda ishtirok etgan qizlarga sertifikatlar topshirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA