Mustahkam oila jamiyat tayanchi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani hokimligi binosida viloyat Oila va xotin-qizlar hamda Ichki ishlar boshqarmalari hamkorligida “Eng buyuk saodat — oila baxti” shiori ostida tadbir tashkil etildi. Unda ajrim yoqasiga kelib qolgan, nizoli oilalar, oqila ayollar, mahallalardagi faol ayollar hamda ibratli oilalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda zamonaviy oilani rivojlantirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilada ota va onaning o‘rni, er-xotin, qaynona-kelin munosabatlari, oilaning ichki munosabatlari, boy madaniy, tarixiy meros va an’anaviy oilaviy qadriyatlar haqida so‘z bordi.


E’tiborlisi, tadbirda ko‘rsatilgan huquqiy, psixologik, ma’naviy yordamlar hamda treninglar natijasida 50 dan ortiq oilalardan 28 tasi shu joyning o‘zida yarashtirildi. Qolganlari bilan individual shug‘ullanish uchun psixologlarga biriktirildi. Eng muhim jihati, 36 nafar farzandlarning to‘liq oilada barkamol tarbiya topishi, ularni kelajakda yetuk inson bo‘lishlari hamda mustahkam oilalar soni ko‘payishiga erishildi.


Tumanda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash maktabi” o‘z faoliyatini davom ettiradi. Shuningdek, oilalarni yarashtirish, oiladagi ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, psixologik, tibbiy, huquqiy va boshqa ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish maqsadida tumanning har bir sektorida ayollar maslahatxonalari tashkil etildi.
Zarif Komilov, O‘zA