Mustahkam do‘stlik, strategik hamkorlik...
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabati turkiy dunyo birligiga xizmat qiladi
“Xalqaro minbar” loyihasida ozarbayjonlik jurnalist Hikmet Ahmedovning tahliliy maqolasi taqdim etilmoqda.
So‘nggi yigirma yil davomida Ozarbayjon o‘z oldiga qo‘ygan barcha maqsadlarga erishish yo‘lida kelajakka yo‘naltirilgan muvaffaqiyatli ichki va tashqi siyosat olib borib, barcha davlat va xalqlar bilan tinch-totuv, do‘stlikda yashash niyatini qat’iyat bilan e’lon namoyon qildi. Eng nufuzli xalqaro tashkilotlarda vakili bo‘lgan mamlakatimiz mavjud aloqalarni kengaytirib, ko‘p qirrali hamkorlikka aylantirish yo‘lida faol ish olib bormoqda.
Ozarbayjon tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston muhim o‘rin egallagan. Keyingi yillarda Markaziy Osiyoning eng yirik, jadal rivojlanayotgan davlati bilan aloqa ikki va ko‘p tomonlama asosda izchil kengaymoqda.
Ozarbayjon va O‘zbekistonni ko‘p asrlik aloqalar, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va jamiyatlar xohish-istagi birlashtirgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabat 1995 yil 2 oktyabrda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, tarixi, dini va madaniyati, ildizi mushtarak xalqlarimiz o‘rtasida qadim, an’anaviy do‘stlik, qardoshlik rishtasi mavjud. O‘zbekning zabardast mutafakkiri Alisher Navoiy ijodining gultoji – “Xamsa”ni buyuk Nizomiy Ganjaviydan ilhomlanib yozgani bejiz emas. Toshkent va Boku shaharlarida bu ikki ajdodimiz haykallari o‘rnatilgani, poytaxtlardagi ko‘chalarga nomlari berilgani, Ozarbayjon poytaxti ko‘chalaridan biri jahonga mashhur astronom Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgani tarixiy o‘zaro hurmatning yorqin namunasidir.

Bokudagi Icherisheherda joylashgan, XV asrga oid Buxoro karvonsaroyi Osiyodan kelgan savdogarlar tomonidan qurilgan. Ozarbayjon faylasufi, shoir, atoqli din arbobi, asli qorabog‘lik XVI-XVII asrlarda yashab o‘tgan Yusuf ibn Muhammadjon Qorabog‘iyning qabri Samarqandda ekani munosabatlarimiz boy o‘tmishidan, XV asrdayoq savdo aloqasi, ilmiy almashinuv mavjud bo‘lganidan dalolat.
O‘tgan asr 30-yillaridagi ommaviy qatag‘on davrida o‘n minglab ozarbayjonlik o‘zbek zaminidan boshpana topgan. 1966 yil aprel oyida Toshkentda sodir bo‘lgan dahshatli zilziladan keyin ozarbayjonliklar shaharni tiklashda bevosita ishtirok etgan. Bugungi kunda 70 mingga yaqin ozarbayjon turli jabhalarda o‘zbek jamiyati taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Tan olish kerak, so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligi misli ko‘rilmagan yuqori darajaga ko‘tarildi.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘zbek xalqi nomidan tuhfasi – o‘tgan yil 23 avgust kuni Fuzuliy shahrida bunyod etilgan Mirzo Ulug‘bek nomli umumta’lim maktabi xalqlarimiz birodarligi ramziga aylandi.
Ikki Prezident o‘zaro tashriflardan tashqari turli xalqaro tadbirlar doirasida tez-tez uchrashib turishi bejiz emas. Zero, aynan davlat rahbarlarining asriy do‘stlikni mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy siyosiy irodasi, yaqin do‘stligi umumiy taraqqiyotimizni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
2022 yil Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatini rivojlantirish nuqtai nazaridan juda samarali keldi. Ilhom Aliyev o‘sha yili O‘zbekistonga uch bor tashrif buyurgani Ozarbayjon Prezidenti tomonidan qardosh mamlakat bilan hamkorlikni rivojlantirishga beqiyos ahamiyat berilayotganidan dalolat.

O‘sha yilgi bir tashrif chog‘ida Toshkent shahri markazida umummilliy yetakchi Haydar Aliyev xotirasiga bag‘ishlangan burchak ochilishi o‘zbek xalqining Ozarbayjon buyuk yo‘lboshchisi xotirasiga chinakam qardoshlik mehri ifodasidir.
Umuman, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bermoqda.
Ozarbayjon ham, O‘zbekiston ham iqtisodiy jihatdan turkiy dunyoda qudratli davlatlar sanaladi. Ma’lumki, transport sohasi turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu bois o‘ta muhim yo‘laklarda joylashgan mamlakatlarimiz bu borada faol hamkorlik qilmoqda. Xususan, Ozarbayjonda transport-logistika infratuzilmasi takomillashtirilib, mamlakat xalqaro tarmoqqa integratsiyalashmoqda. Natijada respublikamiz orqali Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekistondan yuk tashish ko‘lami muttasil kengaymoqda. Prezident Ilhom Aliyevning 2022 yil iyun oyidagi davlat tashrifi chog‘ida imzolangan “Ozarbayjon Respublikasi Hukumati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvi to‘g‘risida”gi Bitim bu borada alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlat rahbarlari ushbu tashrif davomida e’tibor qaratgan asosiy masalalardan biri madaniyat sohasi bo‘ldi. Ozarbayjon va O‘zbekistonning bir guruh madaniyat arboblari davlat rahbarlari farmoyishi bilan yuksak faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangani fikrimiz isbotidir. O‘tgan yil avgust oyida esa Bokuda O‘zbekiston madaniyati kunlari tantanali ruhda o‘tkazildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 22-23 avgust kunlari Ozarbayjonga davlat tashrifi qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi. Ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar, yo‘l xaritalari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining ozod qilingan hududlar – Fuzuliy va Shushaga tashrifi amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari qardosh mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganining amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston yetakchisi Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) norasmiy sammitida ishtirok etish uchun joriy yil 5-6 iyul kunlari ham Ozarbayjonga tashrif buyurdi.
Xulosa shuki, mushtarak ildizga, ko‘p yillik tarixga asoslangan Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlari bugungi kunda zamonaviy davr voqeligiga mos ravishda jadal rivojlanmoqda. Ikki davlat o‘rtasida bugungi kunga qadar imzolangan 170 dan ziyod hujjat, jumladan “Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiya” mavjud hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. Ozarbayjonning O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan kun sayin mustahkamlanib borayotgan aloqalari nafaqat mamlakatlarimiz va xalqlarimiz, balki butun turkiy dunyo taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Ishonchimiz komilki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan, asrlardan buyon davom etib kelayotgan do‘stlik, qardoshlik izchil rivojlanib, ellarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA