Musiqaning sehrli dunyosi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri 2021 yildagi ijodiy faoliyatini "Musiqaning sehrli dunyosi" deb nomlangan katta konsert dasturi namoyishi bilan boshladi.
Mazkur teatrni yurtimiz madaniyati va san’atining o‘ziga xos tashrif qog‘ozi deb atash mumkin. Sababi, unda milliy musiqa, teatr, opera san’atimizning eng yuksak namunalari yurtimiz hamda xorijlik mehmonlar e’tiboriga havola etilishi yaxshi an’anaga aylangan.
Teatrning o‘z muxlislari, sodiq tomoshabinlari bor. Ushbu ijodiy jamoa tomonidan taqdim etilayotgan badiiy dasturlar, spektakllar, ochiq osmon ostidagi konsertlar, festivallar, musiqiy tanlovlar tomoshabinlar mehrini qozongani bilan ahamiyatlidir.
“Musiqaning sehrli dunyosi” nomli konsert dasturida Iogannes Brams, Georgiy Sviridov, Iogann Shtraus, Aram Xachaturyan kabi jahon kompozitorlari bilan birga Muxtor Ashrafiy, Sulaymon Yudakov, Manas Leviyev singari o‘zbekistonlik ijodkorlarning eng sara asarlaridan namunalar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Shunisi e’tiborliki, jahon musiqa ixlosmandlari tomonidan simfonik orkestr konserti g‘oyat yuksak qadrlanadi. Shu ma’noda ushbu konsert san’at shinavandalari uchun chinakam tuhfa bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Ayni paytda xalqaro miqyosda tan olingan san’atkorlar –- O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov, iste’dodli opera ijrochilari Umid Isroilov, Rustam Alimardonov, Damir Rahmonov singari xonandalar ishtirokidagi opera san’atining eng sara namunalaridan iborat bo‘lgan ijro konsertga o‘zgacha ruh, yanada ko‘tarinkilik, fayz, muxlislarga hayrat va zavq bag‘ishladi. Yosh dirijyor A’zamxon Ahmedov hamda rejissyor Ruslan Sherezdanov tomonidan tayyorlangan ushbu musiqiy dastur musiqa olamining chin ma’noda mo‘’jizakor va sehrli ekanini yana bir karra tomoshabinlarga isbotladi.
N.Usmonova, O‘zA