Mushtarak meros – yangi hamkorlik asosi
Boku shahridagi Xalqaro Mug‘om markazida «O‘zbekiston va Ozarbayjon: mushtarak tarixiy meros, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy ilmiy hamkorlik» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekistonning Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov Islom sivilizatsiyasi markazini ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi noyob muloqot maydoniga aylantirish tashabbusini ilgari surdi.
Anjumanda ikki mamlakat diplomatlari, olimlari, ilmiy muassasalar va muzeylar rahbarlari, diniy soha hamda madaniyat namoyandalari ishtirok etdi.

Konferensiyada Bahrom Ashrafxonov O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p asrlik tarixiy aloqalar, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslanishini ta’kidladi.

Elchining qayd etishicha, Buyuk ipak yo‘li asrlar davomida nafaqat savdo-sotiq, balki bilimlar, ilmiy g‘oyalar va madaniy an’analar almashinuvida ham muhim o‘rin tutgan. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Nizomiy Ganjaviy va Muhammad Fuzuliy kabi buyuk mutafakkirlarning boy ilmiy va adabiy merosi bugun ham xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy va madaniy yaqinlikni chuqur o‘rganish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi zamonaviy munosabatlarga to‘xtalib, ikki mamlakat prezidentlari — Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev o‘rtasidagi izchil muloqot hamda hamkorlik strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlandi.

Elchining fikricha, markazning asosiy maqsadi buyuk tarixiy merosni nafaqat saqlash, balki uni bugungi jamiyat va kelajak avlodlarning ma’naviy-intellektual taraqqiyoti uchun ilhom manbaiga aylantirishdan iborat.
Konferensiya davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, ikki mamlakatning ilmiy muassasalari, universitetlari va tadqiqot markazlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yosh olimlar uchun qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish, shuningdek, mushtarak tarixiy merosni birgalikda tadqiq etish muhimligi ta’kidlandi.

Bokuda o‘tkazilgan xalqaro tadbirlar doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-madaniy muloqotni amaliy mazmun bilan boyituvchi muhim qadam bo‘ldi.
O‘zA