Murojaatnomada qanday vazifalar belgilanadi?
Bugun barchaning diqqat eʼtibori Davlatimiz rahbari tomonidan parlamentga yoʻllanadigan Murojaatnoma hamda joriy yilning qanday nomlanishiga qaratilgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Davr nafasi
Bugun barchaning diqqat eʼtibori Davlatimiz rahbari tomonidan parlamentga yoʻllanadigan Murojaatnoma hamda joriy yilning qanday nomlanishiga qaratilgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Har bir yurtdoshimiz, jumladan, biz deputatlar ham ushbu Murojaatnomadan xalqimiz va davlatimizning ertangi kuni uchun muhim vazifalar belgilab berilishini kutyapmiz.
Bu yil mamlakatimiz parlamenti ham, mahalliy kengashlar ham yangi tarkibda shakllandi. Endi ularning oldida muhim vazifalar turibdi. Ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament va mahalliy kengashlar nazoratini kuchaytirish uchun avvalo, qonunchilikni takomillashtirish, yangi qonunlar ishlab chiqish zarur. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari oʻrtasida uzviy aloqani yoʻlga qoʻyish lozim. Chunki, saylovchilarning talab va istaklarini eshitish, ularning hayoti va manfaatlari bilan bogʻliq qonunlar qabul qilishda eng avvalo tuman, shahar kengashlari deputatlariga tayanish kerak. Qonunchilik palatasi deputatining asosiy vaqti Toshkentda oʻtadigan boʻlsa, mahalliy kengash deputati doim shu hududda, saylovchilar bilan birga boʻladi. Agar ular oʻrtasida doimiy aloqa yoʻlga qoʻyilsa, hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar belgilansa, bundan birinchi navbatda saylovchilar manfaatdor boʻladi. Deputatlarning ham oʻz saylovchilari oldida masʼuliyati oshadi.
Yana bir masala mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyalari oʻrtasida hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilash va buni muntazam yoʻlga qoʻyish lozim. Bu partiyaning quyi tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish, Qonunchilik palatasidagi fraksiyaning partiya elektorati manfaatlarini himoya qiladigan qonun hujjatlari ishlab chiqish borasidagi ishini jonlantirishga yordam beradi.
Davlatimiz rahbarining bu yilgi Murojaatnomasida mamlakatimiz taraqqiyoti, aholi turmush farovonligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan koʻplab yangi gʻoyalar qatori mazkur masalalarga eʼtibor qaratilsa maqsadga muvofiq boʻlardi.
Oʻktam SAIDMURODOV,
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati