Murojaatlarga e’tibor davlatga ishonchni oshiradi
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qiladi” degan tamoyil har bir tashkilot faoliyatida muhim mezon sifatida qaror topmoqda. Bu, ayniqsa, aholi turmushida bevosita ahamiyatga ega bo‘lgan gaz ta’minoti tizimida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar aholi murojaatlariga yechim topishda samarali natijalar bermoqda. Har bir kelib tushgan murojaat joyiga chiqqan holda o‘rganilib, muammolar imkoniyat doirasida tezkor hal etilmoqda, zarur hollarda esa qonun doirasida atroflicha tushuntirishlar berilmoqda.

Jumladan, G‘ijduvon tumanining “Zarafshon” mahallasida yashovchi Muyassar Qahharova xonadonidagi zamonaviy gaz hisoblagichning nosozligi yuzasidan murojaat qilgan. Mas’ullar tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borilib, muammo ijobiy hal etildi — iste’molchiga tuman gaz ta’minoti korxonasi hisobidan yangi hisoblagich o‘rnatib berildi.
–Hisoblagichimiz nosoz holga kelib qolgan edi. Murojaat qilganimdan so‘ng gaz idorasi vakillari tezkorlik bilan kelib, muammoni hal etishdi. Yangi hisoblagich o‘rnatib berilganidan mamnunmiz, –deydi Muyassar Qahhorova.

Shuningdek, Shofirkon tumanining Qalmaqon mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro uyida olib borilayotgan qurilish ishlari sababli gaz quvurini xavfsiz hududga ko‘chirish bo‘yicha murojaat bilan chiqqan. Ushbu murojaat ham mas’ullar tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilib, qisqa muddatda gaz quvuri xavfsiz hududga ko‘chirildi.

Peshku tumanining Navbahor mahallasida yashovchi Normurod Nekov esa hisoblagich quvvatlagichi bilan bog‘liq muammosini bildirgan. “Peshkutumangaz” korxonasi tomonidan uning murojaati ham e’tibordan chetda qoldirilmay, quvvatlagich zudlik bilan yangisiga almashtirib berildi.
Filial mas’ul xodimi Farrux Rajabovning ta’kidlashicha, har bir murojaat tizim xodimlari nazoratida bo‘lib, ularni o‘z vaqtida hal etish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Joriy yilning dastlabki oylarida viloyat bo‘yicha 545 ta murojaat o‘rganilgan bo‘lib, ularning 400 dan ortig‘i ijobiy hal etilgan, qolganlari bo‘yicha esa qonun doirasida tushuntirishlar berilgan.
Xulosa qilib aytganda, aholi murojaatlariga befarq bo‘lmaslik, har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish va amaliy yechimlar taqdim etish xalq ishonchini mustahkamlashning eng muhim omilidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri