Murojaatlar yildan yilga kamaymoqda
Buxoro viloyati Jondor tumani aholisidan joriy yilning o‘tgan davrida Virtual va Xalq qabulxonalariga 1 ming 722 ta murojaat kelib tushgan.
Qayd etilgan murojaatlarning 1 ming 506 tasi o‘rganildi. 437 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 771 tasiga huquqiy maslahat, 253 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan.
–Shuningdek, Jondor tumani sektor rahbarlarining sayyor ommaviy qabullar o‘tkazish jadvali asosida joriy yilning o‘tgan davrida 63 ta sayyor ommaviy qabul o‘tkazildi, – deydi Xalq qabulxonasi mudiri Ixtiyor Karimov. –O‘tkazilgan sayyor ommaviy qabullarda ishtirok etgan fuqarolardan 130 ta masala bo‘yicha murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlar axborot dasturiy tizimiga kiritildi va ijrosi nazoratga olindi. O‘tgan davrda sayyor qabullarda tushgan murojaatlarning 50,8 foizi ijobiy hal qilindi.
Xalq qabulxonasida qayd etilgan murojaatlarning tahlillari asosida har bir murojaatni sifatli ko‘rib chiqish, ijobiy yechimini topish va muddatida hal qilinishini ta’minlash maqsadida Xalq qabulxonasi tomonidan sektor rahbarlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, mahalla raislari va nuroniylar hamda deputatlar bilan joyiga chiqqan holda o‘rganish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida 26 ta murojaat Xalq qabulxonasi va yuqorida ko‘rsatilgan tizimlar bilan hamkorlikda o‘rganildi. Ularning 17 tasini ijobiy hal etildi. Shu o‘rinda 13 ta murojaat Xalq qabulxonasi, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birga, 4 tasi tuman elektr ta’minoti korxonasi, sektor rahbari, mahalla raislari bilan birgalikda, 3 tasi tuman gaz ta’minoti korxonasi, sektor rahbari va mahalla fuqarolar yig‘ini raisi hamda mahalla nuroniylari bilan birga, 3 tasi hokim yordamchisi va tuman kadastr idorasi mas’ullari bilan birga, 3 tasi tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, hokim yordamchisi va mahalla raisi bilan birga joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
–Qishloqdagi elektr transformator punktidagi texnik nosozlik natijasida elektr ta’minotida uzilishlar ko‘p bo‘layotgan edi, – deydi tumanning Qorovul mahallasi Mang‘it qishlog‘ida yashovchi fuqaro Shaxobiddin Ismatov. – Qishloqda elektr energiyasi ta’minotidagi muammolarni hal qilib berishni so‘rab qilgan murojaatim tuman elektr ta’minoti korxonasi, mahalla faollari hamda hokim yordamchisi bilan joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Transformator punktida ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, murojaat ijobiy hal etildi.
–2022 yil mart oyidan buyon tabiiy gaz yo‘qligi sababli qiynalayotgan edik, – deydi Tobagar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Hilola Sodiqova. – Yashash xonadonimizda gaz ta’minotini yaxshilashda yordam berishni so‘rab qilgan murojaatim Jondor tumani gaz ta’minoti korxonasi, 3-sektor rahbari va Tobagar mahalla raisi bilan birga joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Xonadonimga hamda Tobagar qishlog‘ida gaz ta’minoti me’yor darajasiga keltirilib, murojaat ijobiy hal qilindi.
Shuningdek, tuman Xalq qabulxonasi tomonidan hududdagi tashkilotlarning aholi murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan monitoring o‘tkazish, murojaatlarni ko‘rib chiqish holatini o‘rganish ishlari reja asosida yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yil 12 may kuni tuman Xalq qabulxonasi mas’ul xodimlari tomonidan Jondor tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining murojaatlar bilan ishlash faoliyati o‘rganildi. O‘rganish jarayonida ushbu korxona tomonidan murojaatlar bilan ishlashda 10 dan ortiq xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, murojaatlarga ijobiy yechim topishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Tuman Xalq qabulxonasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring va o‘rganishlar jarayonida aniqlangan xato va kamchiliklar yuzasidan tuman hokimligi va tegishli tashkilotlarga 7 ta taqdimnoma, tuman prokuraturasiga 3 ta taklif hamda Xalq deputatlari tuman Kengashiga 5 ta axborotnoma kiritildi.
Kiritilgan hujjatlar asosida 3 nafar xodimga nisbatan ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atildi. Javobgarlik masalasi hal etildi. 13 nafar xodimlarga nisbatan ogohlantirish, 5 nafar xodimga nisbatan “Hayfsan” intizomiy jazosi hamda 1 nafar xodimga nisbatan oylik ish haqidan 15 foiz saqlab qolish ta’sir choralari qo‘llanildi.