Murojaatlar tinglandi va tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent davlat tibbiyot universiteti Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida aholi murojaatlarini o‘rganib, tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam samaradorligiga qaratilgan sayyor qabul o‘tkazdi.
Ochiq muloqotda Sog‘liqni saqlash vazirligi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmasi mas’ul xodimi Lochin Rustamov, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor Shuhrat Boymurodov va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Komil Abduvohidov har bir murojaatni atroflicha tinglab, yechimini topish yo‘llarini izladi.

Viloyatda keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimi tubdan o‘zgardi. Yangi tibbiyot muassasalari barpo etilib, mavjudlari bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinmoqda. Shuningdek, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanib, xorijning eng zamonaviy tajribalari amaliyotga joriy etilmoqda. Voha markazida Toshkent tibbiyot universiteti Termiz filiali va barcha sharoitlarga ega tibbiyot klasteri tashkil etilgani malakali kadrlar bilan ta’minlash samaradorligini ta’minlab, tibbiy xizmat sifatini oshirdi. Eng murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham viloyatning o‘zida amalga oshirish yo‘lga qo‘yilib, bemorlarning mamlakatimiz boshqa hududlari va chet ellarda davolanishi barham topmoqda. Inson qadrini ulug‘lash yo‘lida amalga oshirilayotgan bu ishlar sohaga oid murojaatlarni ham kamaytirmoqda.

Qabul chog‘ida 90 ga yaqin fuqaro murojaat etib, yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish, davolanish, dori-darmon ta’minoti, ijtimoiy himoya, tez tibbiy yordam xizmati, sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish va ta’mirlash, ishga joylashish hamda boshqa masalalarni o‘rtaga tashladi. Shu kunning o‘zida o‘ndan ortiq murojaat joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlarga aniq vaqt belgilanib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Huquqiy va tibbiy tushuntirishlar berildi.

Sayyor qabul yakunida har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani, bemor manfaatini ta’minlash tibbiyot xodimlarining eng muhim vazifasi ekani alohida qayd etildi. Viloyat sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, aholi murojaatlari bilan ishlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, davolash muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar tahlil qilindi. Tibbiyot klasteri va joylardagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, aholiga sifatli va malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiyot muassasalarida xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish, sohada shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash yuzasidan takliflar bildirildi.

Sayyor qabul doirasida ellikdan ortiq fuqaro chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kasallik aniqlangan mijozlarga statsionar va ambulator davolanish, sog‘ligini tiklash tavsiya etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri