Murojaatlar o‘z vaqtida ijobiy hal etilmoqda
bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasiga kelib tushayotgan har bir murojaat va ariza o‘z vaqtida ijobiy hal etilmoqda.
Ayniqsa, aholi o‘rtasida ijtimoiy ko‘makka muhtoj va imkoniyati cheklangan fuqarolar muammosini yechishga boshqarma tomonidan alohida e’tibor qaratilayotir.
Yaqinda boshqarma boshlig‘i Sanjar Abdullayev qo‘liga navbatdagi ariza kelib tushdi. Ariza Toshkent shahar Yangihayot tumani Chortoq mahallasidagi Birlik ko‘chasining 58-uyida vaqtinchalik ro‘yxatda turgan hamda shu manzilda yashab turgan H.Adashaliyevga tegishli edi.
Unda yozilishicha, fuqaro H.Adashaliyev 6 nafar farzandi bilan ushbu manzilda yashashi, uning sharoiti qiyinligi va amal-taqal oilani tebratayotgan ekan. Arizada ota 7 yoshli o‘g‘li va 6 yoshli qizining shu vaqtgacha tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi yo‘qligini ma’lum qilib, yordam so‘ragan.
Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan ariza o‘rganilib, uni hal etish uchun Yangihayot tumani davlat xizmatlari bo‘limiga yuborildi. Bo‘lim xodimlari arizani 10 kun ichida ijobiy hal qilib berdi.
Toshkent shahar Yangihayot tumani FXDYO bo‘limi birinchi toifali xodimi Dilnoza Rajabovaning ma’lum qilishicha, oiladagi ushbu muammo er-xotinning viloyatdan kelganligi va ular Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tmaganligi sabab bo‘lgan.
– Hozir oila a’zolari Yangihayot tumani “Chortoq” mahallasidagi Birlik ko‘chasining 58-uyida vaqtinchalik ro‘yxatga olindi va “Temir daftarga” kiritildi, – dedi Dilnoza Rajabova.
– Buni qarangki, yillar davomida yechimini kutib turgan bu muammo Yangihayot tumani davlat xizmatlari bo‘limi tomonidan joriy yilning 11 oktyabr kuni ijobiy hal etildi. H. Adashaliyevning 2 nafar farzandiga shu kunning o‘zidayoq tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berildi.
Albatta, har bir oilada o‘ziga yarasha muammo bo‘ladi. Endi bu oila haqida gapiradigan bo‘lsak, muammoga ba’zan e’tiborsizlik sabab bo‘lsa, ba’zan ortiqcha qog‘ozbozliklarni asos qilib ko‘rsatish mumkin. Muhimi, fuqaro H.Adashaliyevning arizasi qanoatlantirildi. Ya’ni, uning 2014 yil 15 fevralda tug‘ilgan o‘g‘li hamda 2015 yil 28 oktyabr kuni tug‘ilgan qiziga guvohnoma yozib berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA