Murojaatlar o‘z vaqtida hal etilishi kerak
Mas’ullar aholidan tushayotgan muammo va takliflarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqib, ijrosi ta’minlanishiga e’tibor qaratmoqda.
Kadastr agentligi Navoiy viloyat boshqarmasiga joriy yilning 6 oyi mobaynida 276 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 272 tasi jismoniy, 4 tasi yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan. Murojaatlarning 60 tasi ijobiy hal etilib, 216 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan.
Navbahor tumani, Qiziltepa mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Doniyor Shodiyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga “Ishonch telefoni” orqali yo‘llagan murojaatida yashayotgan uyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishda amaliy yordam so‘ragan. Kadastr agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi Navbahor tuman bo‘limi xodimlari tomonidan murojaat atroflicha o‘rganilib, fuqaroga davlat xizmatlari markazi orqali uy-joyga bo‘lgan huquqiy hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berishi tushuntirilgan. Natijada fuqaro Doniyor Shodiyevga tegishli bo‘lgan uy-joyning kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berilgan.
Bitta og‘zaki, 59 ta yozma va 216 ta elektron murojaat tahlil etilganda, ularning 99 tasi ko‘chmas mulk ob’ektiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, 83 tasi yer ajratish, 2 tasi yerlarni noqonuniy egallab olish, 11 tasi bino va inshootlarga va 81 tasi boshqa masalalarga taalluqliligi ma’lum bo‘ladi.
Nurota tumani Dehibaland qishlog‘ida yashovchi Qosim Farmonov farzandlarini uyli joyli qilish uchun ancha yillardan beri yer masalasida qiynalib yurar edi. Q.Farmonovning yer masalasida qilgan murojaati kadastr idorasi xodimlari tomonidan ijobiy hal qilib berildi.
– Murojaaat qilganimda, ular yerni ochiq elektron tarzda e-auksion.uz sayti orqali olish mumkinligini tushuntirdi, – deydi Qosim Farmonov. – Shundan keyin ularning yordamida auksionda ishtirok etib, hozirgi yashash joyimga yaqin joydan yer uchastkasi oldim. Yutib olingan yer uchastkasini Kadastr agentligi Nurota tuman bo‘limi xodimlari ko‘rsatib, o‘lchab berdi.
– Joriy yilning mart oyida dehqon xo‘jaligi ochish uchun uyim yonida bo‘sh yotgan 30 sotix yer maydonini so‘rab murojaat qilgan edim, – deydi Konimex tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Rashid Aldamurodov. – Qisqa muddat ichida murojaatim ijobiy hal qilinib, tuman hokimligi qarori chiqarildi va Kadastr agentligi Konimex tuman bo‘limi xodimlari yer uchastkasining chegaralarini belgilab, hujjatlarimni rasmiylashtirib berdi.
Albatta, qilingan murojaatning o‘z vaqtida ijobiy yechim topishi aholi hayotdan rozi bo‘lib yashabgina qolmasdan, davlatga, adolatga bo‘lgan ishonchini ham mustahkamlaydi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA