Murojaat tadbirkor foydasiga hal bo‘ldi
Yer qa’ridan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Buxoro viloyati Kogon tumani “ZOLOTOY RODNIK PLYUS” MCHJning viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha viloyat adliya boshqarmasiga qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, viloyat DSBning tegishli buyrug‘iga asosan “ZOLOTOY RODNIK PLYUS” MCHJning 2019 yil yanvar oyidan 2020 yil avgust oyiga qadar bo‘lgan faoliyatida qo‘shilgan qiymat solig‘i, yer qa’ridagi qazilmalardan foydalanganligi uchun soliqlarni to‘g‘ri hisoblanishi va byudjetga to‘lanishi bo‘yicha 2020 yil 13 oktyabr kunidan 17 noyabr kunigacha kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshirish xulosasiga ko‘ra MCHJga jami 561 250 351 so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i va jami 407 589 748 so‘m moliyaviy jarima g‘ayriqonuniy hisoblangan.
Ma’lumki, kameral soliq tekshiruvini rasmiylashtirish va uning natijalarini ko‘rib chiqish Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 29 mayda 3236-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizom, 2021 yildan boshlab esa Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi 1-son qarori bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 29 mayda 3236-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risida” Nizomning 27-bandida kameral soliq tekshiruvi yuzasidan tuzilgan xulosa soliq organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan uch kun ichida ko‘rib chiqiladi hamda tasdiqlanishi, xulosaga ko‘ra soliq hisobotidagi tafovutlar va (yoki) soliq hisobotidagi xatolar aniqlangan hollarda, ushbu xulosa tasdiqlanganidan so‘ng ikki kunlik muddatda soliq organi tomonidan soliq to‘lovchiga mazkur Nizomning 3-bobida belgilangan tartibda talabnoma yuboriladi, talabnoma yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvi tugatilgan sana hisoblanishi belgilangan.
Biroq, soliq organi tomonidan kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha talabnoma 2020 yil 17 noyabrda yuborilganligi va tekshiruv shu sanada yakunlanganligi inobatga olinadigan bo‘lsa, soliq organi o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma bilan ushbu kunga qadar jamiyatni tanishtirmay, tekshiruv o‘tkazish tartibini buzgan.
Vaholanki, yuqoridagi Nizomning 29-bandida agar kameral soliq tekshiruvi davomida soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi faktlari aniqlangan taqdirda, aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish Soliq kodeksida belgilangan tartibda amalga oshirilishi, kameral soliq tekshiruvi davomida soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi faktlari aniqlanganda, mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda soliqqa oid huquqbuzarlik dalolatnomasi tuzilshii, mazkur dalolatnoma ikki nusxada tuzilisht va bir nusxasi soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga topshirilishi, soliqqa oid huquqbuzarlik dalolatnomasi kameral soliq tekshiruvi tugagunga qadar tuzilishi shartligi, bunda dalolatnomani ko‘rib chiqishda talabnomaga nisbatan soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan tafovutlarning asosnomasi ham birga ko‘rib chiqilishi ko‘rsatilgan.
Ish viloyat DSB tomonidan 141 kundan keyin 2021 yil 7 aprelda ko‘rib chiqilgan. Soliq kodeksining 138-moddasi va yangi Nizom talablariga zid ravishda bir tomonlama ko‘rib chiqilgan va soliq to‘lovchi tafovutlarning asosnomasi hamda keltirayotgan vajlar bayonnomada umuman aks ettirilmagan. Ularga qonuniy baho berilmagan, nima sababdan bu vajlar inobatga olinmasligi qonuniy asoslab berilmagan.
Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2021 yil 7 yanvardagi 1-sonli qarori tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 46-bandida kameral soliq tekshiruvini o‘tkazgan soliq organi rahbari (rahbar o‘rinbosari) dalolatnomani va kameral soliq tekshiruvining boshqa materiallarini ushbu dalolatnoma tuzilgan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach, biroq o‘n besh kundan kechiktirmasdan ko‘rib chiqishi nazarda tutilgan.
-Murojaatni o‘rganish natijasiga ko‘ra, viloyat DSB mas’ul xodimlari tomonidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish davomida jamiyatga asossiz soliq qarzdorligi va moliyaviy jarima hisoblandi, -deydi viloyat adliya boshqarmasi Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘limi boshlig‘i Tuyg‘un Azimov. -Qaror qabul qilingani uchun tadbirkor manfaatida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Buxoro tumanlararo Ma’muriy sudiga mansabdor shaxsning xatti-harakatlari ustidan ariza kiritildi.
Sudning tegishli qaroriga binoan Buxoro viloyati DSB mansabdor shaxslarining “ZOLOTOY RODNIK PLYUS” MCHJga 2019 yil hamda 2020 yilning yanvar-avgust oylari uchun jami 561 250 351 so‘m soliq va jami 407 589 748 so‘m moliyaviy jarima hisoblashdagi xatti-harakatini g‘ayriqonuniy deb topildi. Viloyat DSBning 2021 yil 8 apreldagi kameral soliq tekshiruvida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi materiallarni ko‘rib chiqish natijalari haqidagi qarori haqiqiy emas deb topildi.
Zarif Komilov, O‘zA