Murojaat e’tiborsiz qoldirilmadi
Korxonaning qonun bilan belgilangan huquqlari tiklanishi ta’minlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoniga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan joylarda hokimliklar huzurida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 avgustdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qarori bilan tuzilgan Ishchi guruhlar tomonidan qaror mohiyatini bir tomonlama talqin qilgan holda yordamchi bino va inshootlarga asossiz ta’sirchan soliq mexanizmi qo‘llash bo‘yicha xulosalar taqdim etilayotganligi yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, “Verif” MCHJ Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoniga Ohangaron tumanida joylashgan “Profilaktoriy” yordamchi binosi uchun 1-Ishchi guruhning 2020 yil 22 fevraldagi xulosasiga asosan, foylanilmay turgan bino sifatida e’tirof etilib, MJCH hisob raqamidan 97 million so‘m mablag‘ undirib olinganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Bu masalada korxona tomonidan bir necha marotaba tuman soliq inspeksiyasi, viloyat davlat soliq boshqarmasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga qilingan murojaatlar natija bermaganligi uchun Biznes vakil nomiga murojaat qilishga majbur bo‘lingani bildirilgan.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimlari tomonidan korxona vakillari va Ishchi guruh bilan holat yuzasidan muhokama o‘tkazilib, korxona tomonidan yana bir marotaba Ishchi guruhga binodan maqsadli va mavsumiy foydalanilayotgani to‘g‘risida hujjatlar taqdim etildi.
Shundan so‘ng Ishchi guruh tomonidan 2020 yil fevral oyida qabul qilingan xulosa qayta ko‘rib chiqilib, korxonaga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir chora to‘xtatilib, hisob raqamidan undirilgan mablag‘ni qaytarish yuzasidan yakuniy xulosa qabul qilindi va ijro uchun tegishli soliq organiga yuborildi. Korxonaning qonun bilan belgilangan huquqlari tiklanishi ta’minlandi.