Murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
Mamlakatimizda davlat rahbarining tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tizimda olib borilayotgan islohotlar tufayli Respublika shoshilinch tez yordam Ilmiy markazi Buxoro filialida ham murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilmoqda.
1983 yili tug‘ilgan G.Kazakova, ovqat mahsulotlari o‘tmasligi, suv iste’mol qilganda qiynalishi, ko‘ngil aynishi, qusishi kabi shikoyatlar bilan filial qabulxona bo‘limiga murojaat qilgan. Uning anamnezida bir necha yillardan buyon ko‘p tibbiyot muassasalari, kasalxonalarda muntazam davolangani, ammo shifo topmaganligi aniqlandi. Filial mutaxassislari bemorni kerakli tekshiruvlardan o‘tkazib, unga “kardial axalaziyasi”ning ikkinchi darajasi tashxisi qo‘yildi.

Respublikada birinchilardan bo‘lib mustaqil ravishda “Elsa” xalqaro endoskopistlar assotsiatsiyasiga a’zo sifatida tan olingan, filial bosh endoskopist mutaxassisi A.Haydarov boshchiligidagi shifokorlar jalb qilingani holda kam invaziv murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Ushbu jarayon hamkor davlatlar endoskopist mutaxassislari tomonidan “telemeditsina” ijtimoiy tarmog‘i orqali onlayn kuzatib borildi. Muhimi, bemorning jarrohlik amaliyotidan keyingi umumiy ahvoli qoniqarli va me’yoriy ovqatlanish va me’da-ichak faoliyati tizimi tiklanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.