Muqobil energiya: samarador va tejamkor
Qashqadaryoda “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya iqtisod qiluvchi texnologiyalarni tatbiq etishga ko‘maklashish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryoda “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya iqtisod qiluvchi texnologiyalarni tatbiq etishga ko‘maklashish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalar koordinatori hamda Qayta tiklanuvchi energiya manbalari Markaziy Osiyo hududiy markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida tabiiy resurslarni tejash va barqaror rivojlanishga erishishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz rahnamoligida bu borada mustahkam huquqiy, ilmiy va texnologik asoslar yaratilgan. Jumladan, energetika tizimini tubdan takomillashtirish borasidagi tadbirlar jarayonida qayta tiklanuvchi, ekologik sof quyosh, shamol va biomassa energiyasidan foydalanishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu boradagi tadbirlarni hayotga tatbiq etishda davlat, jamoat tashkilotlari, ilmiy tadqiqot muassasalari faol ishtirok etayotir.
Ushbu yo‘nalishdagi loyihalar samarasida mamlakatimizning turli hududlarida ijtimoiy soha inshootlari, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi tizimlarida quyosh, shamol va boshqa muqobil energiya manbalaridan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 1-martda qabul qilingan “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjat asosida mamlakatimizning chekka hududlaridagi maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda qishloq vrachlik punktlariga fotoelektr stansiyalari o‘rnatilayotir.
Tadbirda mamlakatimizda muqobil va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni rivojlantirish, bu boradagi huquqiy asoslarni, davlat va jamoat tashkilotlari, ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalari hamkorligini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.