Muomaladagi naqd pul ko‘lamining qisqarishi – olamshumul tendensiya
So‘nggi statistik ma’lumotlar mamlakatimizda muomaladagi naqd pul ko‘lami qisqarib borayotganini ko‘rsatmoqda. Umumiy pul tushumlarida terminal orqali tushumlar ulushi joriy yilning 10 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga o‘sgani qayd etilmoqda. Bu jamoat transportida va xususiy tadbirkorlar orasida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimiga o‘tishning jadallashuvi va to‘lov infratuzilmasining rivojlanishi, shuningdek, O‘zbekistonda naqd pul hajmining YAIMga nisbatan kamayishi bilan bog‘liq.
Muomaladagi naqd pul ko‘lamining qisqarishi – olamshumul tendensiya. Bu yo‘nalishda Skandinaviya mamlakatlari va Xitoy boshqa davlatlardan ko‘ra ancha ilgarilab ketgan. Bunga talay misollar keltirishimiz mumkin. Masalan, Shvetsiya naqd pulsiz to‘lovlarga o‘tgan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘lish uchun intilmoqda. Norvegiya fuqarolari hisob-kitoblarda naqd puldan foydalanmay qo‘ydi. Belgiya naqd to‘lovlarga cheklov o‘rnatdi va mobil tizimlarni rivojlantirishga urg‘u bermoqda.
Mazkur mamlakatlarda naqdsiz to‘lovlar uchun keng infratuzilma, jumladan bank kartalari va smartfonlarga o‘rnatilgan to‘lov ilovalaridan hamma joyda va hamma sohada samarali foydalanishi uchun yaxshi qulayliklar yaratilgan. Natijada tranzaksiya va xizmat ko‘rsatish darajasi jadallashdi. Do‘konlarni tunash xavfi pasaydi, to‘lovni naqdda amalga oshirishda xarajatlar tejaldi. Pul oqimlari nazorati soddalashdi va soliq tushumlari o‘sishiga sharoit yaratildi.
Bu trenddan O‘zbekiston ham istisno emas. Kuzatuvlarga ko‘ra, yangi to‘lov texnologiyalari iste’molchilar ko‘nikmalarini o‘zgartirmoqda: aholining aksariyat qismi hisob-kitoblarda naqd pulsiz usulni tanlamoqda. Natijada muomaladagi naqd pullarning pul massasidagi ulushi ham pasayib bormoqda. Shu yilning o‘tgan o‘n oyi yakunlariga ko‘ra, respublikamizda ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,5 foiz pasayib, jami 20 foizni tashkil etmoqda. Bu Bolgariya, Chexiya, Rossiya, Armaniston, Gruziya kabi mamlakatlar ko‘rsatkichlaridan ancha yaxshidir.
Pul massasidagi naqd pul ulushining kamayishi naqd pulsiz to‘lovlarga o‘tishni tezlashtirish zaruriyati va moliyaviy faollikning oshishini bildiradi. Bu ko‘rsatkich bank kartalari, elektron hamyonlar va boshqa naqd pulsiz vositalar yordamida tobora ko‘proq tranzaksiyalar amalga oshirilayotgani, moliyaviy tizimga bo‘lgan ishonch mustahkamlanayotgani, soyadagi iqtisodiyotning kamayayotgani va moliyaviy operatsiyalarning shaffofligi oshayotganini anglatadi.
Xo‘sh, biz naqd pulsiz yashashga, hartugul cho‘ntagimda naqd bo‘lib tursin, degan psixologik kechinmadan, ehtiyojdan qutulishga tayyormizmi? Axir har qanday yangilikning jamiyat hayotiga singishi, yangi hayot ukladida turmush kechirishi odamlarning ruhiyati bilan chambarchas bog‘liq masaladir.
Binobarin, biz vatandoshlarimizning hisob-kitoblarni naqdsiz shaklda o‘tishiga bo‘lgan munosabatini, odamlarning naqd pulni afzal bilishi, shuningdek naqd puldan qisman yoki butunlay voz kechishga tayyorlik darajasini aniqlab olish uchun so‘rovnoma o‘tkazdik. So‘rovnomada qariyb 3 ming kishi, jumladan 74 foiz shaharliklar ishtirok etdi. Mazkur tendensiya xotin-qizlarning ham e’tiborida ekan (28 foiz), o‘z munosabatini bildirdi.
Respondentlar orasida kutilganidek ijtimoiy faol qatlam – 25-40 yosh oralig‘idagilar (46,6 foiz) va 40-50 yoshlilar (32,8 foiz) ko‘pchilikni tashkil etdi. Javob berganlar orasida 25 yoshgacha bo‘lganlar (10,8 foiz), 50 yoshdan yuqorilar esa 9,8 foizni tashkil etdi.
Qiziq jihati, so‘rovnoma savollari oylik maoshi 1 mln. so‘mdan tortib 10 mln. so‘mdan oshiq bo‘lgan odamlarni baravar qiziqtirdi. O‘zaro muomalani naqd pulda qilishni xohlovchilar orasida 10 mln. so‘mdan yuqori oylik oluvchilar soni ko‘proq ekan (39 foiz).
So‘rovnoma tahlillari vatandoshlarimizning mobil va raqamli to‘lovlar – bu zamonaviy hayotning tabiiy yo‘nalishi, ular hisob-kitoblarni qulay va tez amalga oshirishi, iste’molchilar uchun ishonchli va xavfsiz imkoniyat yaratishi hamda jamiyatning odat va xulq-atvorini o‘zgartirishini teran anglab olayotganini ko‘rsatdi. Buni quyidagi raqamlarda ko‘rishimiz mumkin.
Muomaladagi bank kartalari soni 2024 yil 1 noyabridan shu yilning 1 noyabr holatiga 18,4 foiz ko‘paydi. Shu davr mobaynida to‘lov terminallari soni 176 taga oshdi. Bankomat va infokiosklar soni 36,2 foiz o‘sdi. Mana shu o‘sishlar asnosida to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar hajmi 34,74 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning o‘tgan 10 oyida bank kartalariga 1205 trln. so‘m kirim qilingan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 baravarga oshgan. E’tiborlisi, ularning 19 foizi naqdlashtirib olingan. Shu o‘rinda qayd etish lozimki, so‘nggi ikki yilda bu ko‘rsatkich 5 foizga kamaygan. Qolgan pullar boshqa turdagi to‘lovlarga yo‘naltirilgan.
Kundalik to‘lovlarni nega shu shaklda (naqd, plastik karta, har ikkalasida ham) amalga oshirishni afzal bilasiz, degan savolga respondentlar kechayu kunduz hamma joyda hisob-kitob qilishga qulayligi (72,8 foiz), internet va elektrga bog‘liq emasligi (42,9 foiz), to‘lovlarning anonim saqlanishi (25,7foiz), qalloblikka duchor bo‘lmasligini (28,7 foiz) aytgan.
So‘rovnoma qatnashchilarining to‘lovlarni amalga oshirilishida nega bank kartasidan foydalanishi so‘ralganda, ular o‘zaro hisob-kitoblarni 24/7 rejimida amalga oshirish imkoniyati borligi (81,9 foiz), to‘lovlarni turgan joyingizda amalga oshirish mumkinligi (67,7 foiz), konvertatsiya (31,2 foiz), naqdlashtirishga xarajat qilmasligi (35,1 foiz) uchun deb javob bergan.
O‘zaro hisob-kitoblarini har ikkalasida ham olib boruvchilar naqd yetmagan joyda kartadan, karta o‘tmagan joyda naqd to‘lash qulayligi (88,9 foiz), boshqa sabablar borligini (22,2 foiz) aytgan.
Raqamli texnologiyalar rivojlanishi, bank kartalari, mobil to‘lov tizimlari, onlayn-banking va elektron hamyonlarning ommaviy tus olishi, tabiiy ravishda naqd pulga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. Naqdsiz to‘lovlar pul muomalasini tezlashtiradi, iste’molchilarda uning xavfsiz va qulayligiga ishonchni mustahkamlaydi.
Bundan tashqari, bank mutaxassislari milliy valyuta barqarorligi saqlansa va inflyatsiya darajasi pasayib, so‘mning xarid quvvati osha borsa, davlat naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirib borsa va to‘lov infratuzilmasiga e’tiborni kuchaytirsa, naqd pul ulushi yanada kamayishini taxmin qilmoqda.
Shuningdek, so‘nggi paytda o‘zaro hisob-kitoblarda biometrik xususiyatlardan foydalanish urfga kirdi. Zamondoshlarimiz ularni faqat texnologik yangilik emas, balki qulay, xavfsiz va samarali to‘lov vositasi ekaniga ishonch hosil qilishdi. Yangi texnologiyalar sharofati bilan kartasiz, deylik uni esdan chiqarib qo‘ygan holatingizda ham to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘lib qoldi. Transport, ijtimoiy to‘lovlar, shaxsimizni identifikatsiya/aniqlashtirish muhim bo‘lgan joylarda juda-juda qo‘l kelmoqda. QR va biometrik to‘lovlarning ommaviylashuvi iqtisodiyotni raqamlashtirishning yaxshi belgisi, biznesning qulaylashuvi, qimmat POS-terminallarga zarurat qoldirmasligi, mijozlar uchun qulay, tezkorligi, kichik biznes sub’ektlarining moliyaviy xizmatlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishi ayon bo‘ldi. Yangi to‘lov vositalarini ommaviylashtirish, tabiiyki, vaqt talab qiladi, tegishli infratuzilma yaratish va standartlarni joriy qilishni, ishonch uyg‘otishni taqozo etadi.
Mamlakatimizda to‘lov tizimini yangi texnologiyalar asosida rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotni jadallashtirish maqsadida rag‘batlantiruvchi choralar izchil amalga oshirilmoqda. Bu esa iqtisodiyot salohiyatini oshirish bilan birga, katta hajmdagi naqdsiz to‘lovlar tranzaksiyalarini qayta ishlash qobiliyatini ham kuchaytirmoqda. Davlatning naqdsiz to‘lovlarni rivojlantirishdan manfaatdorligi pulning norasmiy aylanmasiga chek qo‘yish, real savdo hajmlarini nazorat qilish, korrupsiyaviy va noqonuniy pul sxemalarini qisqartirish, moliyaviy intizomni kuchaytirishdir.
To‘lovlarning bank va to‘lov tizimlari orqali o‘tishi soliq tushumini, pirovardida byudjetni prognozlashtirishga qulaylik tug‘diradi. Banklar faoliyatida pul massasini nazorat qilish, bank xizmatlari turini ko‘paytirish, to‘lovlar bo‘yicha yangi qarorlar qabul qilish kabi yana qator ma’muriy va ijtimoiy muammolarni bartaraf etadi.
Mamlakatimiz rahbarining “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarning izchil davom ettirilishiga signal bermoqda.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan davlat organlari ko‘rsatadigan xizmatlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari, transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transport vositalarini zaryadlash xizmatlari, qiymati 25 mln. so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar, ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan yo‘lovchi va yuk tashuvchi, tirkamali va yarim tirkamali, yuqori o‘tuvchanlikka ega transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi tartibi o‘rnatilmoqda.
Prezident topshirig‘i bilan Markaziy bank 2026 yil 1 yanvarga qadar barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR-kodni joriy qiladi. 2026 yil 1 iyuldan boshlab barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR-kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanmoqda. Yagona QR-kodlardan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
Mamlakatimizda shu tariqa pul muomalasidagi naqd pul ulushini minimal darajaga tushirish borasidagi ishlar qadamma-qadam olib borilmoqda. Dunyo tajribasi va kuzatuvlar uni butkul muomaladan chiqarib yuborish ehtimoli kamligini ko‘rsatmoqda. Naqd pul muomalasi infratuzilmasi rivojlangan mamlakatlarda ham ularni butunlay muomaladan chiqarib tashlash masalasi kun tartibida yo‘q.
Naqd pul aholining barcha qatlamlari uchun moliyaviy inklyuzivlikni ta’minlash, shuningdek, naqd pulsiz infratuzilmada nosozliklar yuzaga kelgan taqdirda zaxira to‘lov usuli bo‘lib qolishini ko‘rsatmoqda.
Shunday qilib, naqd pullar kamayishi global raqamlashtirish samarasi, moliyaviy savodxonlikning oshishi, naqdsiz to‘lovlar qulayligi bilan izohlanadi.
Asqar Haydarov,
iqtisodchi ekspert