Munosib nomzodga ovoz berish – muhim tanlov
Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea – 2023 yil 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlat boshqaruvida prezidentlik instituti dastlab AQSHda joriy qilingan bo‘lsa-da, hozirga kelib dunyoning 150 ga yaqin mamlakatida davlat boshqaruvi tizimining muhim ajralmas qismiga aylangan. Yevropa, Osiyo, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerikaning qator mamlakatlarida davlatni boshqarishning eng maqbul yo‘li deb, aynan prezidentlik instituti e’tirof etiladi. Bundan xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruvida eng to‘g‘ri va demokratik yo‘l bo‘lgan prezidentlik instituti yanada muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
Ma’lumki, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIX bobida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy huquqiy maqomi belgilangan. Jumladan, Konstitutsiyaning 105-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi” deyiladi.
Mazkur konstitutsiyaviy norma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini oliy mansabdor shaxs sifatida davlat boshqaruvi tizimida, uning ichki va tashqi siyosatida qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini yaqqol ko‘rsatadi. Shuning uchun ham dastlabki davrlarda Prezidentga faqat davlat boshlig‘i va oliy maqomga ega bo‘lgan mansabdor shaxs sifatida qaralgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan bunday qarashlardan voz kechildi. Prezident nafaqat davlat boshlig‘i, balki millat yetakchisi, xalq va davlat manfaatlarini xalqaro maydonda ifoda etuvchi oliy maqomli mansabdor shaxsdir.
Aynan shu nuqtai nazardan olganda, joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqimiz faqatgina mamlakat Prezidenti lavozimiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning eng munosibigagina emas, balki O‘zbekiston xalqining manfaatlarini, sha’nini, qadr-qimmatini mamlakat ichida va xalqaro maydonda munosib himoya qilishga qodir bo‘la oladigan Prezident nomzodiga ovoz berishlari zarur.
Bundan tashqari, Asosiy qonunimizning 109-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi, mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi, muzokaralar olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi....
Prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlari jami yigirma beshtadan iborat. Muhim vakolatlarni bajarish kishidan mas’uliyat talab etadi. Shunday ekan, 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilar katta mas’uliyatni zimmasiga olgan holda o‘zlari ishonch bildirgan munosib nomzodga ovoz berishlari lozim.
A.RAHIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sud sudyasi.
O‘zA