“Munosib mehnat – munosib hayot asosidir”
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi tomonidan 7 oktyabr – Butunjahon munosib mehnat kuni (World Day for Decent Work) munosabati bilan “Munosib mehnat – munosib hayot asosidir” mavzuida seminar o‘tkazildi.
2008 yildan buyon mehnat huquqlari va ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida 7 oktyabr – Butunjahon munosib mehnat kuni (World Day for Decent Work) sifatida keng nishonlanadi.
Ushbu sana munosabati bilan ishchilarning huquqlarini himoya qilish va global miqyosda ijtimoiy adolatni ta’minlash uchun harakat qilishga chaqirish, munosib mehnatning ahamiyati haqida ma’lumot berish maqsadida turli tadbirlar, seminarlar hamda aksiyalar o‘tkaziladi.

Tadbirda har bir tashkilot, korxona, muassasalarda ishchi-xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish, xodimlar salomatligining muntazam nazorati, xavfsizlik texnikasi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklarining oldini olish borasida kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

– Yurtimizda olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida oxirgi yillarda ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etish, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish jarayonini soddalashtirish, davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish kabi masalalar samarali hal etilmoqda, – deydi Federatsiyaning Navoiy viloyati kengashi mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Olimjon Bobomurodov. – Shuningdek, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslarning yashash sharoitlarini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, mehnat qonunchiligining takomillashtirilayotgani, mehnat kodeksi va “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunga aholi turli toifalari uchun mehnat kafolatini kuchaytirishga yo‘naltirilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi, “Mehnat muhofazasi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganligini ta’kidlash o‘rinlidir.

Tadbirda mehnat bozorining muhim institutlari, ya’ni mehnat inspeksiyalari, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ish beruvchilarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish borasida o‘zaro fikr almashildi.
Seminar so‘nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga tegishli soha mutaxassislari tomonidan javob qaytarildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri