Mundialning "A" guruhidagi jamoalar qanday liboslarda harakat qilishi ma’lum
Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi.
Joriy yilning yoz oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirda “A” guruhidan joy olgan Meksika, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya va Chexiya Respublikasi terma jamoalari qanday brend ostidagi liboslarda harakat qilishini e’lon qildi.

Mundial mezbonlaridan biri hisoblangan Meksika terma jamoasi ushbu turnirda Adidas brendi ostidagi liboslarda harakat qiladi. "Uch ranglilar" mezbon libosini an’anaga sodiq qolgan yashil rangni tanlangan. Formaning markazida Meksika millatining qadimiy naqshlaridan biri chizilgan. Yelka qismida esa oq chiziqlar bor, yoqa va yeng chetlari esa qizil va oq rang bilan bezatilgan, bu esa Meksika bayrog‘i ranglarini eslatadi.

Meksikaliklarning ikkinchi libosi oq rang hisoblanadi. Libos oq rangdan iborat bo‘lgani bilan unda deyarli sezilmaydigan geometrik naqshlar bor. Formaning yoqa qismi qora rangda, uning atrofi esa qizil chiziqlar bilan bezatilgan. Yelkada klassik uch chiziqli dizayn mavjud bo‘lib, bu Adidas brendining uslubini ko‘rsatadi.

Guruhning yana bir terma jamoasi Janubiy Afrika ham Adidas brendi bilan hamkorlikda bu mundialda ishtirok etadi. Terma jamoa birinchi libos sifatida sariq rangni tanlagan. Libosning asosiy rangi to‘q sariq bo‘lib, uning ustida nozik geometrik nashqlardan foydalanilgan. Bu naqshlar formaga zamonaviy va o‘ziga xos ko‘rinishi beradi. Libosning yoqa va yeng qismi yashil chiziqlar bilan bezatilgan bo‘lib, umumiy rang uyg‘unligida forma yanada chiroyli ko‘rinadi.

Afrikaliklarning ikkinchi libosi yashil rang hisoblanadi. Formaning asosiy rangi to‘q yashil bo‘lib, uning ustida vertikal yo‘nalishda nozik va milliy uslubdagi naqshlar bor. Bu naqshlar Afrikaga xos madaniy elementlarni eslatadi va formaga o‘ziga xos joziba beradi.Libosning yoqasi polo uslubida bo‘lib, oq va yashil rang kombinatsiyasida ishlangan, bu esa formaga biroz klassik futbol estetikasini qo‘shadi.

Bu guruhning uchinchi termasi Janubiy Koreya jamoasi Nike brendi tomonidan ishlangan liboslarda musobaqada ishtirok etadi. "Osiyo yo‘lbarslari" an’anaviy tarzda mezbon libosida qizil rangdan foydalangan. Forma asosan yorqin qizil va ustidan qoramtir yo‘lbarsga o‘xshash naqshlar bor. Bu naqshlar formaga kuchli va jangovor ko‘rinish beradi. Formaning yoqa qismi V-shakldagi oddiy dizaynda yaratilgan yeng qismiga esa qora va oq chiziqlar ishlatilgan.

Koreyaliklar ikkinchi libosida noodatiy rangdan foydalangan. Formada asosan binafsha rang ishlatilgan va to‘q binafsha aralash rangda bo‘yalgan effekt bor. Bu esa libosga juda kreativ va noodatiy ko‘rinish beradi. Libosning yoqa qismi oddiy dumaloq shaklda ishlangan va chekalari to‘q rang bilan ajratilgan. Yeng qismida esa qoramtir chiziqlardan foydalanilgan.

Guruhning so‘nggi ishtirokchisi Chexiya terma jamoasi bu turnirga Puma brendi ostidagi liboslarda tashrif buyuradi. "Vakillar"ning asosiy formasining rangi yorqin qizil rang. Libosning yoqa qismi dumaloq shaklda ishlangan va oldi qismida kichik tugmacha bor. Bu esa formadagi biroz klassik va zamonaviy stilni ifodalaydi. Formaning yeng qismida esa to‘q ko‘k va oq ranglar ishlatilgan.

Chexlar mehmon libosida oq rangdan foydalangan. Libos oddiy ko‘rinib qolmasligi uchun ustiga nozik naqshlar ishlatilgan. Formaning yoqa qismi dumaloq shaklda ishlatilgan va oltin rang bilan ajratilgan va yon tomonlarga ham aynan shu rangda ishlov berilgan.
