Munavvarim, muqaddasim ona tilim!
Tamaddun eshiklarini inson bolasiga ochib bergan, uning qalbi gavxariga aylanib, millatlar va xalqlar birdamligining timsoli bo‘lgan til qadri hayotimizda benihoya ulkandir.
Balki har lahzada undan foydalanganimiz, har kuni atofimiz u bilan qurshalganligi uchun ham uning qadrini sezishga ba’zida ojizlik qilarmiz. Ammo shu onda ba’zi xalqlar va millatlarning ahvoliga qarab, o‘z ona tilimiz – o‘zbek tilida bemalol, tazyiqlarsiz, baralla so‘zlay olayotganimizning o‘zi ham katta ne’mat ekanligiga amin bo‘lishimiz mumkin.
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida «Munavvarim, muqaddasim ona tilim!» shiori ostida adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.
Tadbirda ayni zamonda davlatimiz rahbari tomonidan o‘zbek tili, davlat tilining nufuzini nafaqat yurtimizda balki xorijda ham oshirish uchun ulkan ishlar qilinayotganligi, tilni asrab-avaylash, rivojlantirishning mukammal huquqiy tayanch asoslari yaratilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Ushbu sohada universitetda mutaxassislarni tayyorlashda, ilmiy izlanishlar qilishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumotlar berib o‘tildi. Davlat tili, o‘zbek tilining himoyasi va rivoji yo‘lida har bir yurtdoshimiz ma’sul va burchli ekanligi aytildi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining maslahatchisi Odina Jamoldinova tizimda davlat tilining nufuzini yanada oshirish, o‘zbek tilini, jumladan, davlat tili va xorijiy til sifatida o‘qitishni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berdi.
O‘zbekiston yozuvchilar uyuushmasi a’zosi, shoir Dilshod Rajab o‘zbek tili rivojiga munosib hissa qo‘shgan adiblar, jumladan, Zulfiya, Izzat Sulton, Turob To‘la, Hakim Nazir, Shukrullo, Shuhrat, Mirmuhsin, Po‘lat Mo‘min kabi elimiz suygan shoiru yozuvchilarning Nizomiy nomidagi TDPU bitiruvchilari ekaniga, yoshlarimiz ham shu insonlar kabi tilimizning, adabiyot va ma’naviyatimizning buloqlari bo‘lishi lozimligiga alohida urg‘u berib, kuyinchaklik bilan so‘zladi. Ayniqsa universitetning yuqoridagi buyuk bitiruvchilari hayotiga oid qiziqarli hikoyalar, ibratli namunalar tadbir ishtirokchilarida alohida hissiyot uyg‘otdi.
Qutlug‘ bayram arafasidagi ushbu kecha talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari va ijodiy chiqishlarga ulanib ketdi. Iqtidorli yoshlarimiz tomonidan o‘zbek tilini tarannum etuvchi chiqishlar, sahna ko‘rinishlari va kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga zavq baxsh etdi.



Fayzullo Yahyoyev,
O‘zA